Islom Karimov fondi tashkil etgan tanlov g‘oliblari aniqlandi
Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Islom Karimov nomidagi fondning vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qildi.
Uning yozishicha, insholar quyidagi mezonlar asosida tekshirildi: fikrlarning ravon va to‘g‘ri ketma-ketlikda bayon etilgani, mavzuning to‘liq ochilgani, mavzuga oid faktlar va misollarning o‘rinli keltirilgani, keltirilgan faktlar, misollarga berilgan shaxsiy fikr-mulohazalarning o‘rinliligi, boshqa insholarga o‘xshamasligi va alohida ajralib turish darajasi, badiiy yondashuvning mavjudligi va boshqalar.
Tanlovga taqdim etilgan insholar o‘z sohasida katta tajribaga ega atoqli tarixchi, siyosatshunos, va filolog olimlardan tashkil topgan maxsus komissiya tomonidan tahlil etilib baholandi.
Oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida 22-yanvardan 22-fevralga qadar o‘tkazilgan insholar tanlovida O‘zbekistondagi 74 ta oliy o‘quv yurtining 485 nafar talabasi ishtirok etdi.
Tanlovda 1-o‘rinni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining V bosqich talabasi Akromov Otabek qo‘lga kiritdi. U 7 mln. so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan «Apple MacBook Air 13 8/256 GB» noutbuki sovrindori bo‘ldi.
2-o‘rinni Toshkent pediatriya tibbiyot institutining V bosqich talabasi Shorustamova Malika egallab, 6 mln. so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan «Apple iRad Pro 10.5 4G 256 GB» plansheti sohibi bo‘ldi.
3-o‘rin Toshkent davlat yuridik universitetining IV bosqich talabasi Toshkanov Nurbekka berilib, u 5 mln. so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan «iPhone 8 64 GB» smartfoni egasiga aylandi.
Ijodiy ishlari yuqori ball to‘plagan yana 7 nafar ishtirokchiga rag‘batlantiruvchi sovg‘alar, ya’ni Fond logotipi tushirilgan «Kindle» bukriderlari taqdim etiladi.
G‘oliblarni taqdirlash tantanali marosimi 3-aprel kuni Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tish kerak, Islom Karimov nomidagi Fond 2016-yilning oktyabr oyida Lola Karimova-Tillyayeva va Tatyana Karimova tomonidan O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi va Birinchi Prezidentining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ta’sis etilgan. Ta’lim sohasida grant dasturlarini amalga oshirish Fond faoliyatining muhim yo‘nalishlardan biridir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter