Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibn Sinoning Italiyada saqlanayotgan qo‘lyozmasidan aniq nusxa nashr qilinadi va film suratga olinadi

Ibn Sinoning Italiyada saqlanayotgan qo‘lyozmasidan aniq nusxa nashr qilinadi va film suratga olinadi

«O‘zbekkino» Milliy agentligi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati, Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular orasida Ibn Sinoninig Bolonya kutubxonasida saqlanayotgan eng yirik qo‘lyozmasining faksimile nashri va u haqidagi film ham kiritilgan.

«O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasining binosida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi F. Abduxoliqov hamda Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Andreo Bertotssi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidan Italiyada saqlanayotgan madaniy merosimiz durdonalari haqida kitob-albom va film yaratish haqida ham so‘z bordi.

— Biz ana shu yirik loyihani amalga oshirish uchun yordam ko‘rsatishga tayyormiz, — deydi Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Andreo Bertotssi. — Taniqli sharqshunos olimlar bilan aloqa o‘rnatish uchun Italiya muzeylariga murojaat qilamiz. Xususan, Neopol sharqshunoslik universiteti (Università degli Studi di Napoli «L’Orientale») bilan mustahkam aloqa o‘rnatganmiz. Rimdagi La Sapiyensa universiteti olimlari Samarqandda tadqiqot olib borishmoqda. Ushbu olimlar bilan hamkorlik kelgusida O‘zbekistonning Italiyadagi madaniy merosi durdonalarini tadqiq etishda ham o‘z samarasini berishiga umid qilamiz

Janob elchining ta’kidlashicha, o‘rta asrlarda Marko Poloning sayohatlari, Venetsiya va Genuya savdogarlarining Buyuk Ipak yo‘lidagi savdo karvonlari G‘arb va Sharq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan.

Shu bilan birga, Italiyada media-yeventlar o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.

— Joriy yilda loyihamiz doirasida buyuk bobolarimiz, xususan, Abu Ali ibn Sino merosi haqida ham yangi filmlar suratga olish, yangi kitob-albomlar chop etish ko‘zda tutilgan, — dedi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi F.Abduxoliqov. — Jumladan, Britaniyaning Clan Production studiyasi bilan VVS telekali uchun Ibn Sino haqida film suratga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, ulug‘ allomaning jahondagi qator kutubxonalarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari haqida fotoalbom va film yaratishni ham ko‘zda tutganmiz. Bu loyihalar Parijdagi «Avitsenna-Fransiya» jamiyati va Eriell Group kompaniyasi ko‘magida amalga oshiriladi. Bolonya universitetida saqlanayotgan mazkur qo‘lyozmaning faksimilesi doimiy hamkorlarimizdan biri Avstriyaning Mueller&Schindler nashriyotida tayyorlanadi.

Ibn Sinoning mashhur «Tib qonunlari» asari XV asrda lotin tiliga tarjima qilingan va o‘sha paytdayoq Injildan so‘ng Yevropada eng ko‘p bosilgan kitobga aylangan. Mazkur qo‘lyozma esa asarning ivrit tilidagi nashri bo‘lib, u allomaning eng qimmatli qo‘lyozmalaridan biri sanaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring