Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hurmatini bilmagan Robbi Uilyams Angliyada bo‘lsa ham, O‘zbekistondan uzr so‘rasin!

Hurmatini bilmagan Robbi Uilyams Angliyada bo‘lsa ham, O‘zbekistondan uzr so‘rasin!

Foto: «Myday.uz»

Yaqinda ijtimoiy tarmoq sahifalarida bir xabar tarqaldi: nima emish, ilk bora Toshkentda konsert bergan britaniyalik xonanda Robbi Uilyams muxlislarga qarata axloqsiz xatti-harakatni amalga oshiribdi. Bir zumda turli saytlarda xonandaning ushbu qilig‘iga munosabatlar paydo bo‘la boshladi: kimdir hissiyotga berilgan holda qo‘shiqchini «tarbiyasiz, muttaham» deb atadi, ba’zilar «ajab bo‘pti» qabilida munosabat bildirishdi. «Uilyams G‘arbda ham o‘zining axloqsiz harakatlari bilan tanilgan, undan buni kutish aniq edi», deganlar ham bo‘ldi.

O‘zim ham xorijiy tillarni o‘rganish uchun chet el san’atkorlarining kuy-qo‘shiqlarini tinglab turaman. Ammo bir faktga e’tibor bering: ro‘yi zaminda Robbi Uilyams degan inson borligi, u xonanda ekanligini aynan mana shu xabardan so‘ng bildim. Bir men emas, minglab, millionlab o‘zbekistonliklar…

Demak, Robbi shunchaki muxlislarini «hurmat qilgani» va tarbiyasizligi uchun emas, g‘ayrioddiy qilig‘i ortidan yanada shov-shuv ko‘tarish, tanilish uchun bu ishni qildi, deyish mumkin. Chunki haqiqiy san’atkor birinchi navbatda ijodi muxlis uchunligini anglab yetgan bo‘ladi. Menga qolsa, Robbi Uilyams san’atkor emas. U provokator, xolos. Biz endi yillar davomida bu shovvozning «qahramonligi»ni «e’tirof etamiz», eslab yuramiz. Britaniya O‘zbekistondan minglab kilometr olisda bo‘lsa ham, o‘zbek yoshlari Uilyamsni unutmaydi, u bilan bog‘liq yangilikka «anavi «Istiqlol» saroyida «hunar ko‘rsatgan» qo‘shiqchi-ku» deb eslashadi…

Robbi Uilyams yoshligidayoq oilasi barbod bo‘lgan, bolakay onasi bilan yashagan. Raqamlarni dalil sifatida oladigan bo‘lsak, u salmoqli yutuqlarga ham erishgan: butun dunyo bo‘ylab 89 million nusxada albomi chiqarilgan, butun Janubiy Amerika mintaqasida eng mashhur qo‘shiqchi ham aynan u. Xonandaning giyohvandigi, ichkilikbozligi hatto besoqolbozligiga oid xabarlar ham ancha urchib ketgan, lekin ular tasdiqlanmagan. Xullas, Uilyams odob-tavozedan ko‘ra mashhurlik va maishatning ketidan quvganligini taxmin qilish mumkin. Muxlislar oldida avvaldan ko‘plab «hunarlar» ko‘rsatgan, Toshkentdagisi yangilik emas. Qo‘shiqchi ulg‘aygan, nafas olgan muhit mutlaqo boshqacha…

Ammo… endi tanganing ikkinchi tomoniga e’tibor beraylik.

Xo‘sh, Uilyamsga o‘zbek sahnasida, musulmon sivilizatsiyaning muborak manzillari joylashgan mamlakatda nomaqbul xatti-harakat qilish uchun kim huquq berdi? «San’atkor» Toshkentga otlanar ekan, uni yurtimizga taklif etgan bizdan ko‘ra aqllilar nega unga O‘zbekiston haqida, bizning mentalitet va yashash tarzimiz haqida ikki og‘iz aytmadilar? U qanday jahon yulduziki, o‘zi tashrif buyurgan davlat haqida ozgina bo‘lsa-da bilishni istamasa?!  Bu «Uilyams biz haqimizda bilmaydi» deganlar uchun. Agar u ataylab bu qiliqni qilgan bo‘lsa, bu ochiq hurmatsizlik. Tasavvur qiling, unga to‘langan gonorarga bir nechta zavod qad ko‘tarishi mumkin edi, oddiy aholi ish bilan ta’minlanardi. Yoxud qaysidir sohaga juda katta mablag‘ yordam sifatida ajratilardi.

Amerikalik qo‘shiqchi Britni Spirs 2005-yili Xitoyda konsert bermoqchi bo‘lganida bu xitoyliklarning qattiq noroziliga sabab bo‘lgan edi. Chunki Spirs kliplarida yalang‘ochlikni, behayolikni ochiq ilgari suradi. O‘zining «olamshumul ishlari» bilan dunyoga tanilgan.

O‘tgan yili esa argentinaliklar Jastin Biberni qabul qilishmadi. Biberning bir nomaqbul harakati shu qarorga sabab bo‘ldi. Nega endi biz «chet eldan qo‘shiqchi keldi» desa, falon summada bilet sotib olib, zalda uni boshimizga ko‘taramiz?! «Chet ellik xo‘rozqand» Robbi Uilyams allaqachon ortiga qaytdi, ammo na matbuot, na televideniye bunga munosabat bildirdi. Bu ketishda mahalliy vakillarimizdan birontasi, «shou-biznes» atalmish makonda davron surayotganlar shunga o‘xshash harakatlarni takrorlamaydi deb kim kafolat bera oladi?!

E’tibor bering, oddiy o‘qituvchi umri davomida yuzlab o‘quvchilarni xalq tilida aytganda «yo‘lga soladi», allaqanday qog‘oz-hujjatlarga ko‘milib ketadi, asab xastaligi orttirib nafaqaga chiqadi, daromadi ham shunga yarasha, mashhurlik haqida gapirish esa ortiqcha. Ammo shou-biznesdagi takasaltanglarni butun yurt taniydi, bir joyga tashrif buyursa erkalab, boshiga ko‘taradi. Ochiq adolatsizlik emasmi bu?! Bunga o‘zimiz, muxlis omili aybdor deb ochiq ayta olaman. Men uchun yuzta shou-bizneschidan ko‘ra bitta muallimning rutbasi ulug‘.

Robbi Uilyams masalasiga kelsak, Britaniyadan turib bo‘lsa ham o‘zbekistonliklardan kechirim so‘rasin. Bu mening emas, butun xalqning talabi. Chunki bu yer O‘zbekiston, bizning tuproqqa qadam qo‘ygan, suvimizni ichgan bizni hurmat qilishni ham bilishi ham lozim. Muxlislar konsertga xonandaning ketini emas, haqiqiy san’atini ko‘rgani boradi!..

Ulug‘bek Oripov,

jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring