Chingiz Aytmatov boshi uzra qora bulutlar yoki qasam bilan mustahkamlangan qarz
Chingiz Aytmatov birinchi navbatda «Manas» vatanining farzandi edi. Adib shaxsiyatiga ta’sir etgan omillardan yana biri, u – donishmand xalqning teran ma’naviyatidan bahra olib o‘sgandi. Turk qavmining boy tarixi musulmon madaniyati bilan omuxta bo‘lib, shunday xazina yuzaga kelgan ediki, uni idrok etib, tuynugidan muralagan kishi ham borliqda ancha yuksak ko‘tarila olardi. U esa tabiatan ham «yuqori»lar qavmidan edi: Aytmat bobosi qo‘li gul duradgor ham temirchi, boz ustiga durustgina baxshi edi. Otasi To‘raqul Aytmatov davrining rahbar shaxslaridan bo‘lib, yuksak davralarda, katta shaharlarda umrguzaronlik qilardi...
Otasi bilan faxrlanishi barobarida Chingizning «yemagan somsasiga pul to‘lashi»ga ham to‘g‘ri keldi. «Xalq dushmani»ning farzandi sifatida uni ijtimoiy yo‘nalishdagi o‘quv yurtlariga qabul qilishmadi. U siyosat qo‘rg‘onidan ancha yiroq hisoblanuvchi zootveterinariya sohasida o‘qishga, yilqichilik (eshakchilik) singari fanlardan tahsil olishga majbur bo‘ldi.
Texnikumdagi o‘qishi jarayonida birinchi marta so‘zning martabasini his etdi: bosh zootexnik unga nasldor ayg‘irning nobud bo‘lgani haqidagi aktni rus tilidan qirg‘izchaga o‘girib berishni so‘radi. Bu yumushni qoyillatib bajardi, chamasi, birdaniga uning mavqei oshib ketdi. Tabiatan adabiyotga o‘ch bo‘lgan talaba tarjimonlikni badiiy asarlarda sinab ko‘rishga jahd qildi. Dastlabki intilishlaridan zavq olib til muammolari haqida maqola, hikoyalar yozdi. Shu bilan uning qismati hal bo‘ldi. Taqdir esa bu borada uni yetarlicha siyladi. Biroq bu yo‘l ham silliq kechgani yo‘q. Ta’na-malomatlarga qolgan, mashg‘ulotidan to‘ygan paytlari ko‘p bo‘ldi. Uning tik qolishida, qaddini ko‘tarishida yaxshi odamlar beg‘araz ko‘makka keldi – bu jihatdan uning omadi bor edi.
Sho‘ro zamonida ham turkiy qavmlardan bir qator badiiy ziyolilar yetishib chiqqandi. Shular qatorida Jambul Jabayevning alohida o‘rni bor edi. Qahramonona Leningrad qamali payti oqin «Leningradliklar – jigarbandlarim» degan she’riy-publitsistik dostonini yaratdi. Jonli ijro etilgan bu asar qamaldagilarga har qanday dori-darmonu oziq-ovqatdan yaxshi ta’sir qildi (shu o‘rinda G‘afur G‘ulomning «Sen yetim emassan» she’rini eslash o‘rinli). Bu hol «xalqlar dohiysi» Stalinning e’tiboriga tushdi va Jambul otaning obruyi juda oshib ketdi. U bir necha marta Stalinning qabulida bo‘lib, ancha sinashtalashganidan keyin o‘sha yillari qanot chiqarib kelayotgan Muxtor Avezovni «dohiy»ga tanishtiradi.
Bu zanjir davom etib kelib, Muxtor Avezov kelajagi porloq Chingiz Aytmatovni katta yo‘lga olib chiqadi. Bu shonli va havas qiladigan tarixning (qaysi ma’nodaki, bizning milliy madaniyatimizda bunday bovurdoshlik namunasiga duch kelish qiyin, aksincha, talabni kuchaytirib, rosa chig‘iriqdan o‘tkazishi – ezib tashlashi mumkin) siyqa va jo‘n bayoni shunday. Aslida, bunday ustoz-shogirdlikda, «yuksakka uchmoqchi, osmonni quchmoqchi bo‘lganga yelkasini tutib berish»da juda teran ma’no, aslida, taraqqiyotning asosi mujassam; negaki, og‘zi bilan qush oladigan bo‘lsa ham, «yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas»-da!
Albatta, Muxtor Avezov va Chingiz Aytmatovning ijodiy tarjimai holi, ularning ustoz-shogirdlik munosabatlari mukammal tadqiqotlarga asos bo‘lgan, bunday yumushlar bajarilgan. Ezgu amallarni, ulug‘larning ulug‘ ishlarini bot-bot yodlab turish, shubhasiz, foydadan xoli emas. Voqelikda o‘tgan kunlar bo‘yidan yuqori hayot manzarasiga ro‘y bermas ekan, xuddi tekislikdagi tepalik kabi mantiqli, botinida hikmat yashiringan xush amallar ko‘zga tashlanaveradi, yaxshi gaplar tilda takror-takror aylanaveradi (o‘zbek adabiyotida tishi chiqayotgan olim «O‘tgan kunlar» yoki «Mehrobdan chayon» haqida ilk maqolasini yozganidek; ham o‘ng‘ay, ham «bozorbop»). Shu ma’noda bu ikkilik hayotining sinoatlari, ularning bayoni zerikarli emas.
Xotiralarda eslanishicha, garchi Stalin nazariga tushgan bo‘lsa-da, elga kelgan to‘y sifatida Muxtor Avezov qatag‘on siylovidan chetda qolmagan, ikki yil jazo lagerlarida bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan va tutqunlikda To‘raqul Aytmatov bilan yuzma-yuz bo‘lgan. Shunda milliy ziyolilarning yetuk vakillaridan hisoblangan ikkov qaysi biri bu bo‘hrondan tirik chiqsa, bir-birini unutmaslik, avlodlariga g‘amxo‘rlik qilishga ahdlashishgan ekan (bu haqda yozuvchi To‘lepbergen Qayipbergenov o‘zaro suhbatlarda gapirib yurgan). Shu ma’noda Muxtor Avezovning Chingiz Aytmatovga ustozlik – g‘amxo‘rlik qilishi qasam bilan mustahkamlangan qarz, bajarilishi lozim ont edi.
Ma’lumki, Chingiz Aytmatovning «Jamila» qissasi e’lon qilingach, bir tomondan badiiy asar sifatida e’tiroflar, ikkinchi tomondan esa mazmun-mavzusiga nisbatan e’tirozlar mavji avj oldi. Qissaning adabiy asar – badiiyligiga nisbatan qanchalik maqtov ko‘p aytilsa, uning milliy-diniy qadriyatlarni (boshida eri bor xotinning o‘zidan kichik begona erkak – bo‘z bola bilan qishloqdan qochib ketishi) poymol qilishda ayblovchi tanqidlar ham oshib-toshib ketdi. Hatto ayrim adabiyotshunos hamda yozuvchilarning mahalliy matbuotda murakkab psixologik yechimga ega bo‘lgan qissani tor qoliplar asosida baholovchi va shundan kelib chiqib, asarni qoralovchi maqolalari e’lon qilindiki, bu hol yosh yozuvchining taqdirini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin edi. Ana shunday qaltis pallada ota-qadrdon Muxtor Avezov najot qo‘lini cho‘zdi.
M.Avezov o‘z davrida tuzum adabiyotining ulkan qoyalaridan biriga aylangan, uning «Abay» epopeyasi davrining eng yuksak mukofoti bilan taqdirlangan edi. «Abay» qozoq xalqi orasida ham, sho‘ro mafkura maydonida ham chinakamiga tan olingan, dunyoda «Qozoq xalqining badiiy qomusi» deya e’tirof etilgan edi (shu o‘rinda bir ma’lumotni eslash zarar qilmaydi: mavridi kelganda Muxtor Avezov Oybekka «Navoiy» romanini ko‘zda tutib, «Sen fildan pashsha yasading, men pashshani filga aylantirdim» degan ekan. Bu gap qanchalik to‘g‘ri, Allohga ma’lum). Epopeya ko‘plab tillarga tarjima qilinayotgandi. Jumladan, fransuz adibi Lui Aragon uni o‘z tiliga o‘girish bilan mashg‘ul edi. Muxtor og‘a Lui Aragon bilan sho‘ro yozuvchilarining Vetnamga safari asnosida tanishib qolgan, ancha qadrdonlashib ketgan, sotsializm g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan, sho‘ro davlatida salmoqli nufuzga ega bo‘lgan fransuzni yurtiga taklif etib, bir necha marta mehmon qilgandi.
Chingiz Aytmatovning boshida qora bulutlar aylanib turgan pallada Muxtor Avezov Lui Aragonga ilinj aralash murojaat qilib, «yosh, umidli qirg‘iz yozuvchisining bitigi bilan tanishib chiqish»ni tavsiya qiladi. Hurmatli do‘stining taklifi bilan Moskva-Parij poyezdida ketayotgan atoqli fransuz yozuvchisi qissani bir nafasda o‘qib chiqadi va endilikda mashhur, Chingiz Aytmatov taqdirini belgilab bergan gaplarini aytadi: «Men dunyodagi eng go‘zal sevgi qissasi bilan tanishib chiqdim. Uning mutolaasidan so‘ng ko‘z oldimda butun go‘zalliklar, hatto Parij ham xira tortib qoldi» mazmunida saxovat bilan lutf qiladi.
Sho‘rolar mamlakatining do‘sti, dunyo e’tirofidagi yirik yozuvchi o‘shanda u. Shu nuqta Chingiz Aytmatov hayotida ham, ijodida ham keskin qayrilish burchagi bo‘lib qoldi. Keyinchalik ham Lui Aragon Chingiz Aytmatovga e’tiborini susaytirmadi, uning kelajagini bashorat qilgandek, «XX asrning yorqin hodisasi» sifatida e’zozlab, quvvatlab yurdi.
Haqiqatan, Muxtor Avezov o‘zining kameradosh do‘stiga bergan so‘zining ustidan chiqqan, uning farzandini dong‘il yo‘lga olib chiqib qo‘ygan edi. Shundan keyin Chingiz Aytmatov ijodi qonuniy bahosini oldi, ustozi kabi u ham ko‘p o‘tmay, eng yuqori siyliqqa munosib ko‘rildi. Bu tasodif emas, balki haqiqiy talantning e’tirofi, zar qadrini bilgan zargarlar sa’y-harakatining munosib samarasi edi.
Hakim Sattoriy
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter