Buxorolik o‘qituvchi Amir Temur haqida tarixchilarimizga ma’lum bo‘lmagan asar mavjudligini aniqladi
Buxoro davlat universitetining Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi o‘qituvchisi, dotsent Abdurahim Boltayev Amir Temur shaxsi xususida bugungi kunga qadar ma’lum bo‘lmagan, o‘rta asrlarda yozilgan tarixiy asar mavjudligini aniqladi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Abdurhim Boltayev Eron davlatining Oliy ta’lim muassasalariga tegishli bo‘lgan elektron kutubxonalarini mukammal o‘rgangan. O‘rganish davomida Amir Temur shaxsi xususida bugungi kunga qadar O‘rta Osiyo tarixchilariga ma’lum bo‘lmagan, o‘rta asrlarda yozilgan tarixiy asar mavjudligi aniqlagan.
Mazkur asar fors tilida yozilgan bo‘lib, «Temurnomai manzuma» («Nazmiy Temurnoma»), ya’ni Amir Temur xususidagi she’riy shakldagi Temurnoma hisoblanib, XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan shoir, adib va muarrix, Eronda temuriylar davrining nihoya topib, safaviylar davlatining kuchayishi pallasida yashab ijod etgan Abdulloh Hotifiy Xargirdiy Jomiy (1454-1521) qalamiga mansub bo‘lgan. Bu asar aksariyat tarixga qiziquvchilar nazaridan chetda qolib kelgan.
— Izlanishlarim natijasida Abdulloh Hotifiy temuriyzoda Podshoh Husayn Boyqaro davrida yashagan mashhur shoir Abdurahmon Jomiyning jiyani bo‘lib, u Xuroson hududi tarkibidagi Jom va Hirot shahrida yashab o‘tganiga oydinlik kiritdim. U Husayn Boyqaro davridagi voqea-hodisalarga guvoh bo‘lgan, davrning eng yetuk allomalari Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Voiz Koshifiy kabi mutafakkirlar bilan tanish bo‘lgan. Hotifiyning «Temurnoma» asari o‘ziga xos she’riy tarzda yozilgan bo‘lib, bunda Amir Temur shaxsiga ijobiy ta’rif berish bilan bir qatorda, tarixiy voqealarni xolis yoritgan. Ushbu asar Turkiya, Eron va Hindiston kutubxonalarida mavjud bo‘lib, hali yirik va maxsus tadqiq qilinmagan. Uni chop etish ishlari ilk bor 1958 yilda Hindiston davlatidagi Madras universiteti olimi Abu Hoshim Sayyid Yusha’ tomonidan amalga oshirilgan. Ikkinchi marta esa 2019 yilda eronlik olim Mansur Shukroyi tomonidan nashrga tayyorlab chop qilingan. Biroq asarning o‘ziga xos jihatlari, boshqa manbalardan ustunligi yoki kamchiliklari to‘g‘risida qiyosiy tahlil asosida birorta jiddiy tadqiqot amalga oshirilmagan. Respublikamiz hududidagi tarixchi mutaxassislar ushbu asardan xabardor emas,— dedi Abdurahim Boltayev.
Bildirilishicha, Hotifiyning «Temurnoma» asari tarixiy va badiiy qiymatga ega.
— Asarda voqealar rivoji va mavzularning tadrijiylik asosida keltirilgani Hotifiyning o‘zidan oldingi muarrixlar asarlaridan ham yaxshi xabardorligini ko‘rsatib turibdi. Mana shu jihatlarni e’tiborga olsak, asar Amir Temur to‘g‘risida yozilgan boshqa zamondoshlarining uslubidan farq qiladigan o‘ziga xos uslubda yozilganiga shubha yo‘q. Buni, albatta, keyingi tadqiqotlar aniqlab beradi. Ayni paytda fors tilida bitilgan va yangi topilgan mazkur asar tarjimasi ustida ishlayapman. Joriy yilning 9 aprel kuni Amir Temur tavalludiga 685 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan ushbu kitobning tarjimasini tugatib, uni tahlil etgan holda chop etilishi ta’minlayman. Bu, albatta, mamlakatimizning fan, adabiyot va tarixi uchun muhim yanglik bo‘la oladi, — dedi A. Boltayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter