Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Oripovning ta’qib sabab yo‘q qilingan she’ri 31 yildan keyin e’lon qilindi

Abdulla Oripovning ta’qib sabab yo‘q qilingan she’ri 31 yildan keyin e’lon qilindi

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning (1941–2016) hali biror bir to‘plam yoki matbuot nashrida chop etilmagan «Sharqiy Turkiston» nomli she’ri e’lon qilindi. Bu xayrli va savobli yumush Telegramdagi «Abdulla Oripov she’riyati» kanali tomonidan amalga oshirildi.

Marhum shoirning rafiqasi Hanifa aya xotiralariga ko‘ra, 1991 yil may oyida ikkovlon Urumchi shahriga  safar qilishadi. Ularni uyg‘ur shoiri Bug‘do Abdullo va umr yo‘ldoshi Chamanoy opa mehmonga taklif etgan edi. O‘zbekistonlik mehmonlar sharafiga ijodiy gurunglar, bazmlar uyushtiriladi. Uyg‘ur o‘lkasiga safar davomida Abdulla Oripov «Sharqiy Turkiston» nomli she’r yozadi. Ammo mahalliy politsiya she’r haqida surishtira boshlagach, shoir yangi asari qo‘lyozmasini yirtib-yo‘q qilishga majbur bo‘ladi.

Tasodifmi yoki taqdir tuhfasi, keyinroq she’rning bir nusxasi boshqa qo‘lyozmalar orasida qolib ketgani ma’lum bo‘ladi. Bundan xabar topgan shoir rafiqasiga qo‘lyozmani yashirib qo‘yishni tayinlaydi. «Sharqiy Turkiston» she’ri, oradan 31 yil o‘tib, 21 mart – ulug‘ alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hamda Abdulla Oripov tavallud topgan kunda e’lon qilindi. Mutafakkir ijodkor qalb amri va vijdon chaqirig‘iga javoban bitgan she’r «Xabar.uz» mushtariylari e’tiboriga ham havola etilmoqda.

Sharqiy Turkiston

Men seni avval boshdan

                  Yetuk deb o‘ylagandim.

Bobolardan qolgan bir

                Bitik deb o‘ylagandim.

Oqsoq bo‘lsang-da seni,

               Tetik deb o‘ylagandim,

Sho‘rginang qursin sening,

              Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Na otayu onani

                Tanimay qolibsan sen,

Kimsa bilmas manzilga,

                 Yo‘lingni solibsan sen,

Balki bu safar qaltis

                 Horibsan, tolibsan sen.

Sho‘rginang qursin sening,

              Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Bolang kelsa bezrayib,

                 Tilini ham bilmaysan,

Birovga-ku yuqtirmay,

                 O‘zingga ham yuqmaysan.

Dehqonsan-u, zaminga

                 Biror nihol suqmaysan.

Sho‘rginang qursin sening,

               Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Mehmon kelsa izida

                        To‘rtta-beshta izi bor,

Bu elning na g‘ururi         

             Va na aytar so‘zi bor.

Gohi-gohi shoirning

               Yig‘lab turgan ko‘zi bor,

Sho‘rginang qursin sening,

              Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Ha, bir zamon sening ham

                 Yurgan yo‘ling oq edi,

Lekin birov u dedi,

                          Bunisi bundoq dedi.

Rahmon osh pishirganda,

                           Oqibat shayton yedi.

Sho‘rginang qursin sening,

               Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Ahvolingga qarab men

                 Yig‘ladim bugun netay,

Har nechuk jigarimsan

                  Men yurak qayga ketay.

Iqbolingni axtarib,

                    Ka’baga toki yetay.

Sho‘rginang qursin sening,

               Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

Asl-asl insonlar

                Quchog‘ingda bor balki,

Oh, qandayin daholar,

               Bee’tibor, xor balki.

Diydiyoni o‘ziga

               Bilishadi or balki.

Sho‘rginang qursin sening,

             Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

              Qonim, Sharqiy Turkiston.

 

1991 yil 9 may
Urumchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring