«Abdulla Oripov» badiiy filmining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi
Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan yaratilgan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi matni muallifi Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning maxsus namoyishi o‘tkazildi.
Unda shoirning farzandlari, Agentlik rahbariyati, OAV vakillari, kinoijodkorlar va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Qayd etib o‘tish joizki, «Abdulla Oripov» filmi nafaqat shoirning oila a’zolari bilan balki, o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan yetuk namoyondalari, jumladan, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo kabi mutaxassislarning taklif va mulohazalari ostida ishlandi. Film namoyishga kelganlarda iliq va ijobiy taassurot qoldirdi. Ayniqsa, taqdimotda qatnashgan Abdulla Oripovning farzandlari va nabiralari filmdan ta’sirlanib, ko‘z yoshlarini yashira olishmadi. Namoyishdan so‘ng o‘tkazilgan muhokamada kinoshunoslar, jurnalist va jamoat faollarining kartina bo‘yicha tahliliy-tanqidiy mulohazalari hamda turli taklif va tavsiyalari bildirildi.
Taqdimotda shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyevaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va film yaralishida o‘z hissasini qo‘shgan barchaga yo‘llangan tashakkurnomasi o‘qib eshittirildi:
— Men Abdulla aka haqida badiiy film suratga olinishi haqidagi qarorni o‘qiganimdan buyon ko‘nglimda kechayotgan tuyg‘ularim(hayajon, iztirob, faxr va minnatdorlik)ni so‘z bilan ifodalay olmayman. Butun umringizni qayta ko‘rish hayajoni, sog‘inch va diydor iztirobi, kamdan-kam odamga nasib etadigan e’tibor, g‘urur, hech bir ganj bilan uzib bo‘lmaydigan minnatdorlik hissi o‘rtamoqda qalbimni. Buning uchun Prezidentimizga va shu ishda bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi rahbariyatiga, filmni sahnalashtirishda sidqidildan mehnat qilgan ijodiy jamoaga, barcha ijrochi aktyor va aktrisalarga oilamiz nomidan minnatdorlik izhor qilamiz. Men filmni tasvirga olish jarayonida shaxsan ishtirok etdim. Film tayyor bo‘lgach, uning ilk tomoshabini ham bizning oilamiz bo‘ldi va u barchamizga ma’qul keldi. Filmdagi voqealar shoirning bolaligi, talabalik yillari, to‘y va boshqa ijodiy jarayonlar, Abdulla akaning so‘nggi yillari haqidagi sahnalar bo‘lgan voqealar asosida, oila a’zolarimiz bilan bamaslahat holda aks ettirilgan.
Filmda Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida o‘tgan va ijodga ilk qadam qo‘ygan bolalik yillari, Toshkent shahrida o‘tkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir bo‘lib shakllanishidagi hissiyotlari va tuyg‘ulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va Amerikada o‘tgan so‘nggi yillari ochib beriladi.
— Xabaringiz bor keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy kinematografiyani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Yildan-yilga milliy kino mahsulotlarimiz soni va sifati ham ortib bormoqda. 2017-yilda agentlik buyurtmasiga binoan 23 ta film yaratilgan bo‘lsa, 2022-yil davomida 158 ta badiiy va hujjatli filmlar ishlab chiqarildi. Ayni paytda tarixiy va zamonaviy mavzularda o‘nlab filmlar ishlab chiqarish jarayonida turibdi. Yana bir yirik loyiha, Abdulla Oripovdek o‘zbek adabiyotining yetuk namoyondasi haqida badiiy film yaratish ham ulkan faxr, ham katta mas’uliyatdir. Kinoijodkorlarga yaratilayotgan sharoitlar hamda mana shunday mas’uliyatli va yirik loyihalarni ishonib topshirayotgani uchun hurmatli Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, — dedi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov.
Namoyishda so‘zga chiqqan shoirning qizi Shoira Oripova otasi haqidagi film oila a’zolari bilan birgalikda maslahat qilib ishlangani uni xursand qilganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, so‘zga chiqqan boshqa kinoijodkorlar ham film haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
— Hurmatli Prezidentimiz o‘tgan yil Qashqadaryoga qilgan tashrifi davomida «Film samimiy bo‘lsin. Abdulla akaning Toshkentga borgani, qiyinchiliklar ko‘rgani, shunga qaramay ijodidan chekinmagani ko‘rsatib berilishi kerak» degan fikrni ilgari surgan edilar, - dedi film rejissyori Muzaffarxon Erkinov. – Bu biz uchun filmning yo‘nalishini aniq belgilab beruvchi g‘oyalar edi. Filmda Abdulla Oripovning salmoqli hayoti va ijodi, bolalik, o‘smirlik, qarilik davrlari gavdalangan. Filmni ko‘rgan tomoshabin shoir haqida ko‘p narsani bilib olishi mumkin. Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqni imkon darajasida xalqimizga manzur bo‘ladigan kinokartina sifatida yaratishga harakat qildik. Abdulla Oripovning adabiy va madaniy merosini yanada mustahkamlash yo‘lida oldinda yana bir qator maqsadlarimiz bor. Jumladan, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Abdulla Oripov haqida milliy kinoserial yaratishni ham rejalashtirganmiz.
Filmning tasvirga olish ishlari Qashqardaryo viloyatining Neko‘z qishlog‘ida, Toshkent shahrida, Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasida hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borildi.
Filmda bosh rollarni «Do‘stlik» ordeni sohibi, Abdulla Oripovning shogirdi, shoir Shodmonqul Salom va mahoratli aktrisa Rayhon Asadova ijro qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilgan.
Film postanovkachi rejissyori Muzaffarxon Erkinov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov, film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter