Vaksina sotib olishda ehtiyot bo‘lish kerak — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyat faollari yig‘ilishida koronavirusga qarshi emlash chora-tadbirlari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri xabar berdi.
— Vaksina bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Xitoy, Rossiya, Yevropa va Hindiston bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, «Sputnik» vaksinasidan bir millionta olib kelinadi.
Biz xalqimizni ommaviy emlash choralarini ko‘rmoqdamiz. Ammo bu ishni shoshilib amalga oshirib bo‘lmaydi. Har bir insonning tanasi — individum. Har kuni ikki-uch soat vaqtimni vaksinatsiya jarayonini o‘rganishga bag‘ishlayman. Yevropa bilan muloqotda bo‘lyapmiz, Angela Merkel bilan aloqaga chiqdik, Erdogan bilan muzokara olib bordik.
Bir narsani to‘g‘ri tushunaylik — har bir hududning va har bir insonning o‘ziga hos jihatlari bo‘ladi. Shu sababli ham emlash ishlarini bafurja amalga oshirish lozim. Sal vaqt yo‘qotsak ham iqlimga va xalqimizga mos keladigan vaksinani topishimiz kerak. Mingtadan bitta to‘g‘ri yo‘l bo‘lsa, o‘shani qo‘llashimiz kerak. Ota-bobomiz aytganidek yetti marta ham emas, 10 marta o‘lchab, bir marta kesishimiz shart. Bu ish deputatlar muhokamasiga ham qo‘yiladi. Hamma o‘z fikrini bildirsin.
Men uchun xalqimiz manfaati — eng asosiy masala, cho‘qqi. Vaksinalar ko‘p, kimdir unisini maqtaydi, boshqasi esa bunisini. Biz barchasini ko‘rib chiqyapmiz, yaxshilab sinovdan o‘tkazib, eng ma’qulini tanlaymiz. Pulidan qat’i nazar, xalqimiz uchun kerakli miqdorda sotib olib kelamiz.
Xudoga shukr, koronavirus chekinyapti, kecha 11 kishi kasallangani haqida ma’lumot berildi. Ilohim kasallikni jilovlaganimiz rost bo‘lsin. Ammo bir narsani to‘g‘ri tushunaylik, xursand bo‘lishga hali erta. Men mana shu chiqishim davomida butun xalqimizga murojaat qilmoqchiman — kasallik hamon yonimizda yuribdi, shuning uchun jilovni mahkam ushlashimiz kerak. Ziyrak bo‘lishga majburmiz, — dedi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam O‘zbekistonga olib kelinayotgan 1 millionta «Sputnik» vaksinasining 500 mingtasini rossiyalik milliarder Alisher Usmonov moliyalashtirishi xabar qilingan edi.
Xabar.uz axborot tahliliy portali davlat rahbarining tashrifini yoritishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter