Rasul Kusherbayev «boshi uzra qora bulutlar»ga izoh berdi
Kuni kecha «Ezgulik» jamiyati rahbari A.Tashanov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev boshida qora bulutlar aylanayotniga ishora qilgani va buning sabablari borligi haqida post qoldirgandi.
Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda deputat bilan bog‘liq bu xabarlar va videomaterial muallifining murojaatlari yuzasidan ko‘plab fikrlar bildirildi. Deputat Rasul Kusherbayevni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab postlar qoldirildi. Bu o‘rinda ko‘pchilik aynan deputatning o‘zidan izoh kutishayotgan edi.
Bugun, Rasul Kusherbayev voqealarga quyidagicha munosabat bildirib o‘tdi.
«Yangiyo‘llik tadbirkor videoda bayon etgan holatlar, yer uchastkasi bilan bog‘liq vaziyat va boshqa ishlar bo‘yicha ayrim prokuratura mas’ullarining menga ayblov uyushtirish, majburan ko‘rsatma olishga urinishlari haqida fuqarolar tomonidan menga ham murojaatlar bo‘lgan va ularni imkon darajasida o‘rganganman.
Ushbu holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish, deputat faoliyati, o‘zi va oilasi daxlsizligi bilan bog‘liq kafolatlarni to‘liq ta’minlash yuzasidan tegishli yuqori idoralarga murojaat qilganman.
Umid qilamanki, barcha holatlar hech qanday ta’sirlarsiz xolis o‘rganilib, huquqiy baho beriladi, deputat daxlsizligi, sha’ni va ishchanlik obro‘si ta’minlanadi.
Eslatma uchun: deputatning odamlarga, tadbirkorlarga huquqiy ko‘mak berishi, muloqot qilishi, do‘stlarga ega bo‘lishi, xalq dardini eshitib, har qanday vaziyatda ham fuqarolarning yonini olishga urinishi qonunbuzarlik bo‘lishi mumkinmas. Bu faqat ayrim nopok shaxslarning dunyoqarashi xolos.
Bo‘layotgan ishlardan qattiq xafaman.
Barchaga e’tibor va ma’naviy qo‘llov uchun rahmat!» – deya izoh yozib qoldirdi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter