Nega hammani ommaviy testdan o‘tkazib bo‘lmaydi? Nurmat Otabekov javob qaytardi
![Nega hammani ommaviy testdan o‘tkazib bo‘lmaydi? Nurmat Otabekov javob qaytardi](https://static.xabaruz.com/crop/5/2/720_460_95_528345353.jpg)
Bugun AOKA shtabida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
– Nega karantinda 4 ta odam bitta xonada joylashtirilayapti, shular orasidan bittasida kasallik bo‘lsa, boshqalarga yuqib ko‘payib ketavermaydimi? Bu ahvolda karantin muddati yangi aniqlangan bemorlar xisobidan cho‘zilib ketadiku. Izolyasiya degani shumi? Nega ommaviy test o‘tkazib bo‘lmaydi?
– Savol bergan yurtdoshimizga ham savolim bor edi: hozir o‘sha bitta xonaga 3-4 ta qilib joylashtirilgan odam Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa xorijiy davlatlarda ishlab yurgan paytda 3 kishilik, 4 kishilik palatada yashagan ekanmi yoki alohida 1 kishilik xonalarda yashab mehnat qilgan ekanmi? Yoki 20, 30, 100 kishilashib bitta xonada yotgan ekanmi?
Yaxshilab o‘ylab ko‘raylik, shunday imkoniyat qaysi yurtda bor ekan va qaysi davlatda shunday sharoit yaratilgan ekan?! Bironta davlatda bunday, hatto 3-4 kishini bitta xonaga joylashtirishchalik ham sharoit yo‘q.
Ular odamlarni stadionlarga, konsert zallariga, vokzallarga, oshxona va restoranlarga joylashtirishga majbur bo‘lmoqdalar.
Ushbu kasallik bo‘yicha aholini yoppasiga testdan o‘tkazish biror bir davlat amaliyotida qo‘llanilmayapti.
Tasavvur qiling, 34 million odamni birdaniga bir kunda tekshirish uchun (bitta PSR apparati bir kunda 400 tahlil o‘tkazishi mumkin) 85 mingta PSR apparati (agar ikki kunda — 40 mingta, 3 kunda — 23 ming, 10 kunda — 8,5 ming) kerak bo‘ladi, unga esa shuncha shifokor-virusolog lozim bo‘ladi.
O‘zbekistonda esa barcha shifokorlarning umumiy soni — 75 mingga yetmaydi. Buning ustiga hozirgacha testdan o‘tgan 100 ming aholi va har kuni test sinovidan o‘tkazilayotgan 8-9 ming aholi davlat mablag‘lari xisobidan testdan o‘tkazilayapti.
PSR laboratoriyalar ham O‘zbekistonda 40 dan ortiqroq, u yerdagi PSR apparatlari esa eng ko‘pi bilan 200 ta bo‘lishi mumkin.
Hozir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni va yaratilgan tizimni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olayapti va eng samarali usul deb e’tirof etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter