Demokratlar pandemiya tufayli amerikaliklarga 2 ming dollardan to‘lashni taklif qildi

AQSh Demokratlar partiyasi a’zolari koronavirus pandemiyasi tufayli amerikaliklarga to‘lovni oshirishni taklif qilib chiqishdi, deb yozadi «The Hill».
Ular iqtisodiyot tiklangunga qadar pul to‘lovini oyiga ikki ming dollargacha oshirishni taklif qilmoqda. Hozir fuqarolar oyiga 1,2 ming dollargacha olishi mumkin.
Kaliforniya shtatidan kongressmen-demokrat Ro Xanna hamda Ogayo shtatidan sobiq kongressmen-demokrat Tim Rayan tashabbus mualliflari hisoblanishadi. Ular to‘lovni oshirish zarur, chunki hozir ko‘plab amerikaliklar ishidan ayrilmoqda yoki maoshi qisqarishiga duchor bo‘lmoqda, degan fikrni ilgari surishdi.
Taklifga binoan, 16 yoshdan oshgan, yiliga kamida 130 ming dollar ishlab topadigan har bir amerikalik oyiga 2 ming dollargacha, oilalar esa har bir bola uchun qo‘shimcha 500 dollardan olishi mumkin bo‘ladi.
Demokratlarning qonun loyihasiga ko‘ra kollej talabalari va imkoniyati cheklangan katta yoshli fuqarolarga ham pul to‘lash nazarda tutilgan.
Mart oyida AQSh Senati koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki trillion dollar ajratish to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qildi. Hujjat, jumladan, yillik daromadi 75 ming dollargacha bo‘lgan soliq to‘lovchi millionlab amerikaliklarga bir martalik to‘lovni nazarda tutadi: katta yoshli bitta odamga 1,2 ming dollar va har bir bolaga 500 dollardan. Ushbu maqsadda jami 500 milliard dollar ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter