«Bir bemorga qanchadan mablag‘ sarflanyapti?» — deputat 32,3 yoki 64,4 millionni ochiq hisoblab berishlarini so‘ramoqda
Shu kunlarda mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining yetishmovchiligi, dorixonalarda ayrim dori-darmonlar narxlari oshib borayotganligi, kasallanganlar uchun koykalarning kamligi, bemorlarni davolash bo‘yicha yaxlit tizimning yo‘qligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Garchi, o‘tgan yilning so‘ngida jahonda boshlangan, mart oyida mamlaktimizga kirib kelgan, aprel-may oylarida o‘sish sur’ati nisbatan pasaygan koronavirusning bu tartibda rivojlanishiga shuncha vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham, yetarlicha hozirlik ko‘ra olmagan mutasaddilar haqida biron narsa, deya olmaymiz.
Binobarin, davlatimiz rahbarining shu yil 19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash, aholi salomatligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilangan edi. Unga ko‘ra, Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Uning mablag‘laridan bir qator yo‘nalishlarda foydalanish nazarda tutildi. Ya’ni jamg‘arma mablag‘lari hozirgidek holatni yuzaga kelmasligi uchun sarflanishi lozim edi.
Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Bugungi kunda tibbiyot xodimlarining keskin yetishmasligi, dori-darmon narxlari oshgani, fuqarolarimizning koronavirusga test topshirishi deyarli imkonsiz bo‘lib qolgani, tabbiyot sohasidagi xodimlar mehnat ta’tili yoki bo‘lmasa o‘z hisobidan ta’tilga chiqib ketganiga nima sabab bo‘ldi? Bu bo‘yicha ayrim mulohazalarni keltirib o‘tishimiz joiz.
Birinchidan, Farmonda berilgan topshiriqlar to‘liq ijro etilmagan;
Ikkinchidan, dori-darmon bilan shug‘ullanuvchi ayrim shaxslar xalqning qiyin davridan foydalangan holda mo‘may pul ishlashni o‘zining asosiy maqsadi etib belgilab oldi;
Uchinchidan, butun dunyoda kasallikning o‘sish sur’ati keskin oshib, koykalar yetishmovchiligi kuzatilgan bir vaqtda mas’ullarimiz bizda unday bo‘lmaydi, deb xotirjamlikka berildi;
To‘rtinchidan, koronavirusga qarshi tun-u-kun kurashayotgan tibbiyot xodimlarning ijtimoiy himoyasi yetarli ta’minlanmagani uchun ishdan bo‘shashlar, o‘z hisobidan ta’tilga chiqish holatlari ko‘paygani uchun kadrlar yetishmovchiligi kelib chiqdi.
Bundan buyog‘iga nima qilamiz?
Eng avvalo, Prezidentimiz Farmon va qarorlari ijrosini to‘liq ijro etilishini ta’minlash zarur. Prokuratura organlari eng quyi muassasa bo‘lgan dorixonalarni emas, balki dori-darmonlarni yetkazib beruvchilarni nazoratga olishi lozim.
Toshkent shahri va hududlarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda sanatoriyalar, o‘yingoh(stadion)lar va shunga o‘xshagan bino va inshootlarni koronovirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berish uchun foydalanishga tayyorlash zarur.
Tibbiyot xodimlari (qo‘riqlovchi, sanitarka, haydovchilar)ni ishga jalb qilish uchun ularning oylik maoshlarini yetarli darajada (kamida 2 barobarga) oshirish kerak. Mehnat va o‘z hisobidan ta’tilga chiqqan tibbiyot xodimlarining barchasini ishga jalb etish, shuningdek, tibbiyot sohasida o‘qiyotgan 5,6 kurs talabalarini ommoviy ishga jalb etish kerak. Ularni ham munosib ish haqi bilan ta’minlash zarur. Tibbiyot kolleji bitiruvchilarini ham o‘zi yashab turgan mahallasi, ko‘chasiga, ko‘p qavatli uylarga patronaj hamshira sifatida biriktirish orqali ham har bir xonadonga tibbiy xizmatni ta’minlashimiz mumkin.
Yana bir muhim masala. Joriy yilning 23 may holatiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar haqida ma’lumot bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda har bir davolanib chiqqan bemor uchun davlat 32,3 million so‘mdan xarajat qilganligi, kasalligi og‘ir kechayotgan bemorlarning har biriga 64,4 million so‘mdan ajratilganligi, reabilitatsiya, karantinda bo‘lgan bemorlarga har biri uchun 2,2 million so‘mdan ajratilganligi aytilgan edi.
Ayni paytda ahvol qanday? Har bir bemorga qanchadan mablag‘ sarflanyapti? Ularning tannarxi (qalkulyasiyasini) aholimizga ochiq aytishimiz kerak. Bugungi kungacha qancha shifokor himoya vositasi bilan ta’minlangan, qanchasi kasallandi, qayerda shifokorlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda? Qancha bemor uyida davolanmoqda? Sog‘liqni saqlash vazirligi mana shular haqida ham batafsil ma’lumot berishga o‘tmas ekan, savollar ko‘payaveradi. Savollar ko‘paygan joyda esa gumon va shubha ko‘payadi, ular esa ishonchga putur yetkazadi. O‘zaro ishonch va bir-birini tushunish bo‘lmasa maqsadga yetishish murakkablashishi oddiy haqiqat.
Maqsud QURBONBOYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi
Manba: parliament.gov.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter