Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YuNISEF O‘zbekistonda ayollar va bolalar oziqlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot berdi

YuNISEF O‘zbekistonda ayollar va bolalar oziqlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot berdi

YuNISEF va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Oziqlantirish bo‘yicha O‘zbekiston milliy tadqiqotining natijalarini e’lon qildi. Ayollar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning oziqlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda barcha 14 viloyatidagi 3874 ta uy xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarning normal o‘sishdan orqada qolishi ko‘rsatkichlari ijobiy tomonga o‘zgargan. Hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 8,7 foizni tashkil etadi. Bolalarning vazn yo‘qotish darajasi 1,9 foizni, kam vaznli bolalar esa 2,6 foizni tashkil etadi.

Go‘daklarni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni erta boshlash butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan bo‘lib, 91 foizni tashkil etadi. Biroq, olti oylikkacha bo‘lgan bolalarni faqatgina ko‘krak suti bilan oziqlantirish darajasi 50 foizni tashkil etadi. O‘nta boladan deyarli to‘qqiztasi bir yoshgacha hamda 40 foizga yaqini ikki yoshga to‘lguncha ko‘krak suti bilan oziqlantirilgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yosh bolalarning atigi 30,3 foizi minimal darajadagi xilma-xillikka ega bo‘lgan ozuqa oladilar. 6–23 oylik bolalarning 94 foizi optimal o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash uchun yetarlicha ovqatlanmaydilar.

Bolalar orasidagi yana bir muammo ortiqcha vazn va semizlikdir. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalarning 4,6 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu kelajakda turli muammolarga, jumladan 2-tipdagi diabet, bepushtlik va yurak kasalliklariga olib kelishi mumkin. Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan homilador bo‘lmagan ayollarning 40,7 foizi ortiqcha vaznli yoki semiz. Ayolning yoshi qancha katta bo‘lsa, u shunchalik semizlikka moyil ekanligi aniqlangan bo‘lib, bu sog‘liqni saqlash sohasidagi muammo deb qaralishi mumkin.

Tadqiqot O‘zbekistonda ozuqa mikroelementlari tanqisligi masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Afsuski, ikki yoshgacha bo‘lgan har to‘rttadan bir bolada kamqonlik aniqlandi. Ushbu holatlarning 75 foizi temir moddasining yetishmasligi bilan bog‘liq. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50 foizida temir moddasi yetishmasligi aniqlangan. Kamqonlik aniqlanmagan bo‘lsa-da, temir moddasining past darajada bo‘lishi bolalarda kognitiv rivojlanishning kechikishiga olib kelishi mumkin.

O‘smir qizlarda temir moddasining tanqisligi darajasi tashvishga soluvchi darajada bo‘lib, deyarli 50 foizni tashkil etadi. Reproduktiv yoshdagi ayollarning beshtadan har ikkitasida temir moddasi yetishmovchiligi aniqlangan. Homilador bo‘lmagan har besh ayoldan bittasida kamqonlik, har beshtadan birida esa V12 vitamini yetishmovchiligi mavjud.

So‘rovda qatnashganlarning 90 foizdan ko‘pi yodlangan tuz iste’mol qilishlarini bildirishgan va qadoqlangan tuz idishlarining 80 foizidagi yorliqlar buni tasdiqlagan. Biroq tuz namunalarining tahlili ularning atigi 40 foizida yetarli darajada yod mavjud ekanligini ko‘rsatdi. Mamlakat bo‘ylab homilador ayollar yetarli miqdorda yod iste’mol qilmasligi aniqlandi.

«Turli ko‘rinishlardagi noto‘g‘ri va yetarlicha bo‘lmagan oziqlanish profilaktikasi bolaning erta yoshdan o‘smirlik vaqtigacha rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. «Sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va sanitariya, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida bolalar oziqlanishini ustuvor masala qilib qo‘yish ko‘p tarmoqli hamkorlikni talab qiladi. Ularning har biridagi muvaffaqiyat barcha sohalardagi muvaffaqiyatni qo‘llab-quvvatlaydi», — deb ta’kidladi u.

YuNISEF to‘g‘risida

O‘z faoliyati orqali YuNISEF har bir bolaning huquq va farovonligi ta’minlanishiga erishishga harakat qiladi. Ushbu majburiyatni amaliy harakatlarga aylantirish maqsadida YuNISEF hamkorlar bilan birgalikda dunyoning 190 mamlakati va hududlarida ish olib boradi va dunyodagi barcha bolalarning, xususan, ijtimoiy jihatdan yakkalab qo‘yilgan, alohida etibor va yordamga muhtoj bolalarning manfaatlari yo‘lida harakat qiladi.

YuNISEF va uning O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring