Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh vazir o‘rinbosarining zoye ketgan bir kuni. Ishga munosabat haligacha eski hammom, eski tosligicha qolyaptimi?

Yosh vazir o‘rinbosarining zoye ketgan bir kuni. Ishga munosabat haligacha eski hammom, eski tosligicha qolyaptimi?

Foto: Xalqaro press-klub

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida #Bugungi_Kunimdan_Umuman_Qoniqmadim heshtegi ostida bir kunlik faoliyati haqida post yozib qoldirdi.

«Kecha, soat 18:00. Prokuraturadan qo‘ng‘iroq qilishdi va bu safargi chiqishning nechog‘lik muhim ekanini ta’kidlashdi. Dushanba kuni soat 9:30 dan kechikmay Xalqaro press-klubga kelishimni tayinlashdi. Xo‘p. Erta tongdan kunimni «rejalashtirdim» o‘zimcha. Rosa tayinlangan Xalqaro press-klub roppa-rosa ikki-yarim soat (!) kech boshlandi.

Xalqaro press-klubda endigina ishga tushirilgan zalga taklif etishgan ekan, shu sababli ba’zi bir to‘xtalishlar bo‘lishi tabiiy. Soat 12:00. Kunning yarmi o‘tib bo‘ldi. Endi press-klubni yakunlash uchun zalda o‘tirishim kerakligini so‘rashdi. Soat 16:20 gacha press-klubda lom-mim demay o‘tirdim. Sherzod aka bor kuchi bilan harakat qilgani aniq, ammo...

Aytgancha, bugun orziqib kutilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti bilan taqdirlash kuni edi va u 16:00 boshlanishi kerak edi. Kechikib bo‘lsa-da, keldim. Soat 19:00. Haligacha shu yerdaman...

Eng qizig‘i, Prezidentimiz «Bugun nima qildim va xalqim uchun nima naf keltirdim degan savolni har kuni o‘zingga ber», deganini barchamiz bilamiz va eshitganmiz. Xo‘sh? Nima qildim? Bir necha kun oldin 4 soat tik turib nimalar degan edi-yu, men nima qilyapman?

Shunaqa gaplar, azizlar! Bugungi kundan qoniqish — 0%».

Ushbu postga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov ham munosabat bildirdi: «Alisherning fikrini o‘qib: Prezidentimiz yangicha ishlashga da’vat etganidan keyin shunday ahvol bo‘lishi, albatta, noo‘rindir. Yoshlarni davlat ishiga jalb etamiz deb shuncha harakat qilinsa-da, ularning vaqti bunday samarasiz o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilishi noto‘g‘ri.

Shu fikrni qo‘rqmay aytganining o‘zi ham Prezidentimizning yosh kadrlarni qo‘yish bo‘yicha qilayotgan harakatlarining to‘g‘riligini ko‘rsatib turibdi. Avvalgidek faqat «xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin» deydigan rahbarlar bilan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni» rivojlantirib bo‘lmaydi!

Endi eng asosiysi, bu fikridan keyin, Alisherni aybdor qilib, uni eskicha qolipga solishga urinuvchilardan asrash kerak.

Davlat ishiga o‘zi kreativ, yuqori malakali kadrlarni jalb qilish juda qiyin, chunki oylik yuqori emas, rejim og‘ir va mas’uliyat yuqori. Lekin bularga chidasa bo‘ladi, agar kelgusida o‘z harakati bilan jamiyatga foydasi tegishini sezsa va o‘z g‘oyalarini hayotga joriy qila olishiga ko‘zi yetsa.

Buning aksi bo‘lsa va vaqti bekor ketayotganini ko‘rsa, uning ustiga o‘zi xoxlamagan va ayniqsa, noto‘g‘ri deb bilgan ishlarini qilishga turli idoralar orqali majbur qilishsa, yuqori malakali davlat xizmatchilari sinfini shakllantirishimiz juda qiyin bo‘ladi. Bunday davlat xizmatchilarisiz esa Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish juda mushkul bo‘ladi...»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring