Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangiliklar jurnalistikasi: xabar qanday yoziladi?

Yangiliklar jurnalistikasi: xabar qanday yoziladi?

Yangiliklar jurnalistikasining «xabar» janri OAV va axborot iste’molchisi uchun eng qulay axborot turi sifatida qadrli. Nazariy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur janr XIX asrning oxirlarida AQSh va Buyuk Britaniya mamlakatlarida keng tarqala boshlagan. O‘zbekistonga yangiliklar jurnalistikasi 90-yillarda kirib kelgan.

Vaqt hamda pulni tejab, dunyoni kuzatishga imkon beradigan «xabar» ko‘pgina OAVlarga va shu bilan birga axborot iste’molchilari auditoriyasiga ma’qul kelgan janrlar sirasiga kiradi. Xabar yozish unchalik ko‘p vaqt talab qilmagani kabi o‘quvchi uchun ham qulay tejamkor axborot mahsuloti hisoblanadi. Iste’molchi ko‘pi bilan uchta gapdan keyin xabarni o‘qishdan to‘xtab, boshqa ishga chalg‘ib ketganiga qaramay, u gap nima haqida ekanligini anglab oladi. Shu sababli yangiliklar sayti yoki gazetasining sahifalarini ko‘zdan kechirib chiqishga ko‘pi bilan 10-15 daqiqa vaqt sarflanadi.

Xabar matnini shakllantirishda «to‘ntarilgan ehrom» qoidasiga amal qilinadi. Bu janrning ahamiyatli jihati shundaki, matnning dastlabki uch gapidayoq axborotning mohiyati ochib beriladi. Xabar matni uchta faktologik asosga tayanadi: 1-axborot kim (yoki nima) haqida; 2-voqea qayerda sodir bo‘lgani haqida; 3-voqea qachon sodir bo‘lgani haqidagi tafsilotlardan iborat bo‘ladi.

«To‘ntarilgan ehrom» formulasiga ko‘ra xabar strukturasi quyidagicha shakllanadi:

Mazkur formulaga ko‘ra matn «sarlavha», «lid» (kirish), «asosiy qism» va «xulosa»dan iborat. Xabar matnining har bir qismi alohida savollarga javob beradi. Ular quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

Matnning sarlavhasida xabarning mohiyati deyarli ochib berilishi lozim. Ya’ni sarlavha «Kim nima qildi?» yoki «Nima sodir bo‘ldi?» degan savolga javob beradi. Misol uchun, «Koronovirus» (nima?), «Xitoyda» (qayerda?), «2019 yil» (qachon?) faktologik asoslarda tuzilgan xabar matnining sarlavhasi «Xitoyda koronovirus infeksiyasi aniqlandi» degan ma’lumotni o‘quvchiga taqdim etadi. So‘zamollik, shoirona yondashuv yoki so‘z o‘yinini xabar janri «yoqtirmaydi». Ya’ni «Noma’lum kasallik tarqalmoqda», «Virus iskanjasida» kabi sarlavhalar joiz emas. 

Matnning «lid» qismi esa sarlavhaga aniqlik kiritishi lozim. Yuqoridagi faktologik asoslarda lid quyidagicha bo‘lishi maqsadga muvofiq: «2019 yil Xitoy provinsiyalarining birida ilk marotaba inson tanasida koronovirus infeksiyasi aniqlandi». Lid ko‘pi bilan uchta gapdan iborat bo‘ladi. Mazkur misolda esa lid qismi bitta gapda mujassam bo‘lib, u «qayerda, qachon nima sodir bo‘ldi?» degan savolga to‘liq javob beryapti.

Asosiy qismda jurnalist qachon, qayerda, qanday qilib virus infeksiyasi aniqlangani, kimlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlarni beradi. Virusologlar yoki boshqa ekspertlarning ko‘rsatmalarini dalil sifatida keltiradi.

Xabarning xulosa qismi qisqa va lo‘nda bo‘lib, voqelik mohiyatiga xolisona izoh beriladi. Ya’ni o‘quvchi xabarni o‘qib bo‘lgach, «nima bo‘pti?» degan savoliga javob olishi, ushbu voqelikning unga qanchalik daxldor ekanligi haqida o‘zining shaxsiy fikriga ega bo‘lishi lozim.

Yana bir muhim jihat – xabar faqat faktlarga tayanadi, unda shaxsiy mulohazalar, fikrlarga o‘rin yo‘q. Xabar matni faqat xolis yondashuvda shakllantirilib, uchinchi shaxs nomidan qisqa, lo‘nda yozilishi lozim. «To‘ntarilgan ehrom» formulasining mohiyati ham shunda – ob’yektivlikka urg‘u beriladi.

Xabarda jurnalist ma’lumotlarni olgan manbasini ko‘rsatishi kerak. Manba ko‘rsatilmasa, voqelik qachon va qayerda sodir bo‘layotganiga ishora bo‘lmasa xabar «feyk», ya’ni yolg‘on hisoblanishi mumkin.

Muhayyo Saidova, jurnalist,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Media va kommunikatsiya fakulteti katta o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring