Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu sanani quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz» – Shavkat Mirziyoyev

«Bu sanani quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz»  –  Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

– Bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng katta, eng mash’um qirg‘indir. Olti yil davom etgan bu urushda o‘sha paytda dunyodagi 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli to‘qnashuvlarga 110 million kishi safarbar etilgan va jami 70 million kishi halok bo‘lgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

– Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz. Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlaridagi buyuk qahramonligingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz. Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi, – dedi Prezident.

1941-yil arafasida respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod bo‘lgan. Urush boshlanishi bilan, shundan qariyb 2 millioni frontga otlangan. Bu qahramon insonlarning 500 mingdan ziyodi janglarda halok bo‘lgan.

– Biz bu raqamlarni har yili qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam. Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirilgan. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan bolalar edi.

– El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-e’tirofga sazovor bo‘ldi. Va bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Urush fojialaridan saboq chiqarib, tinchlik uchun kurashish bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston o‘z strategiyasiga muvofiq, tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlikni asrash, davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lidan boradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbir televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi. Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bayram ishtirokchilari, nuroniylar bilan videoaloqa orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirga kelgan urush va mehnat faxriylari bilan salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Keksalar mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi.

Prezident nuroniylar bilan birga bayramga bag‘ishlangan konsert dasturini tomosha qildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring