Xotin-qizlar maqomini oshirish bo‘yicha muhim tadbir
2019 yil 26 sentyabr kuni Toshkentda “Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi mavqeini kuchaytirish” mavzusida davra suhbati o‘z ishini boshladi. Tadbir ikki kun davom etadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistondagi YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida senatorlar, deputatlar, vazirliklar va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, ijtimoiy tenglikka erishish murakkab va uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, bu mamlakatning ijtimoiy taraqqiyot darajasiga, iqtisodiy imkoniyatlariga, mafkuraviy dasturlariga, madaniy-ma’naviy salohiyatiga bog‘liq. Xotin-qizlarni hayot va faoliyatning turli sohalariga jalb qilish imkoniyatlarini yaratish, bu yo‘nalishda hozirgi iqtisodiy shart-sharoitga mos keladigan, xotin-qizlarning ijtimoiy maqomini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi. Mamlakatimizda buni ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Va bu tasodif emas, chunki O‘zbekistonda xotin-qizlar jamiyatning ko‘p sonli qatlamini tashkil etadi, o‘ziga xos ruhiy va demografik xususiyatlarga, turli funksiyalarga va muayyan ijtimoiy maqomga ega. Xotin-qizlarning ulkan salohiyatidan foydalanish, xotin-qizlar o‘z maqsadlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar taqdim etish mamlakatning jadal iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy o‘sishiga hamda rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Bu nuqtai nazardan tadbir ishtirokchilari xotin-qizlarning ijtimoiy maqomiga va jinslar tengligi masalasiga e’tibor qaratdi. Bugun mamlakatimizda bu yo‘nalishda, eng avvalo, jamiyatning barcha a’zolari uchun teng imkoniyatlar yaratishning qonunchilik bazasini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilayotgani qayd etildi. Jumladan, yaqinda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari xotin-qizlar va erkaklarning teng maqomini, huquqlari hamda erkinliklariga rioya qilish kafolatlarini qonunchilik darajasida mustahkamlab qo‘ydi hamda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikdan huquqiy himoyani ta’minlab berdi. Tadbir davomida mazkur qonunlarning asosiy qoidalari, mohiyati va ahamiyati batafsil ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, davra suhbatida oila buzilishining oldini olish, jamiyatda oila maqomini mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Shu munosabat bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining bu boradagi amaliy ish tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi va tahlil qilindi.
Tegishli ko‘nikma va qobiliyatga ega faol xotin-qizlarni rahbar lavozimlariga tayyorlash, ishbilarmon ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Xotin-qizlarga nisbatan jinoyat ko‘rsatkichlarini kamaytirish choralariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan fuqarolar orasida profilaktika va tushuntirish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Imkoniyatlari cheklangan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish haqida so‘z borganda bunday toifadagi ayollar bilan ishlashda psixologik yordam berish va qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligi qayd etildi. Bunda ular uchun ijtimoiy shart-sharoitni yaxshilash va ular bandligini ta’minlash imkoniyatlari batafsil muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda bo‘lajak saylovda xotin-qizlar ishtirokini faollashtirish masalalarini ham muhokama qildi.
Davra suhbati xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va tegishli tavsiya hamda takliflar ishlab chiqish uchun samarali maydon vazifasini bajardi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter