Vodiyda fanga noma’lum o‘simlik turi aniqlandi
Farg‘ona vodiysining shimoliy qismida olib borilgan dala tadqiqotlaridan birida ilmiy ekspeditsiya Qirg‘izistonga chegaradosh hududdan hozirgacha fanga noma’lum bo‘lgan yangi yovvoyi piyoz turini topdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston yovvoyi piyozlarning kelib chiqishi va turlar xilma-xilligi mavjud hudud hisoblanadi. Terilgan gerbariy namunalari laboratoriya sharoitida tahlil qilinganda yangi topilgan o‘simlik turi fan uchun yangilik ekani aniqlandi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, unga eng yaqin bo‘lgan o‘simlik turi Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari hududlaridagi baland tog‘ hududida o‘sadigan Allium minitum Vved, ya’ni kichik piyoz nomi bilan kiritilgan o‘simlikdir. O‘xshash belgilari ular gulining tuzilishi va oq rangda bo‘lishi, farqi esa ekologik makoni hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Allium minitum Vved, ya’ni fanga hozirda ma’lum bo‘lgan tur Alp mintaqasida 3000 metrdan balandlikda uchrasa, yangi topilgan o‘simlik turi adir mintaqasida 1000-1100 metr balandlikda o‘sadi.
Hozirda mazkur o‘simlik turining guli tuzilishi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, mazkur o‘simlikning urug‘i elektron mikroskop orqali o‘rganiladi. Shundan so‘ng institut olimlari oxirgi xulosani beradi va unga nom qo‘yiladi. O‘rganish natijalari e’lon qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter