Ulug‘bek Muhammadiyev: «Hokimiyat vakillari mulk egalariga qo‘pol munosabatda bo‘lmoqda»
Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev 2018-yilda Ombudsman manziliga siyosiy huquq va erkinliklar bo‘yicha fuqarolardan 251 murojaat tushganini qayd etdi, deb xabar bermoqda «O‘zA».
Ular asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va undan chiqish bilan bog‘liq. Fuqarolarning murojaat huquqlariga ham qat’iy rioya etilmadi. Chunki 52 shikoyatda murojaatni ko‘rib chiqish muddati buzilgani, 110 shikoyatda fuqaro davlat organlari va muassasalari javoblarining mazmunidan qoniqmagani ma’lum qilingan.
Ombudsman manziliga inson va fuqaroning iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq 2 ming 660 murojaat tushgan. Parlament nazorati sub’yekti sifatida Vakil tomonidan 512shikoyat nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan. Natijada fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar qarorlariga 6 ta protest, ish haqini to‘lash to‘g‘risida sudlarga 2 ta da’vo kiritilgan.
16 nafar fuqaroga ish haqi to‘lanishi ta’minlanib, 11 nafar fuqaro ishiga tiklangan. Umumiy qiymati 12 million so‘mlik kreditni rasmiylashtirishda va 4 nafar murojaat etuvchiga fermer xo‘jaligini rivojlantirish uchun yer uchastkasi ajratishda yordam ko‘rsatilgan. Davlat daromadiga 3 million so‘m, murojaat qilgan fuqarolar foydasiga 149,8 million so‘m undirilgan.
Ma’ruzachi o‘z so‘zida mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga ko‘p holatda qo‘pol munosabatda bo‘lishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazuvchi omil bo‘layotganini ta’kidlagan. Bu esa xalq bilan muloqotni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralariga zid holatdir. Shu bilan birga, joylarda tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish yo‘lida to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Bu Ombudsmanga kelayotgan shikoyatlarda aks etmoqda. Shuningdek, ularda mahalliy hokimiyat va nazorat organlarining tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga asossiz aralashuvi, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi byurokratik to‘siqlar, ishlab chiqarishni, fermer xo‘jaligini yaratish yoki kengaytirish uchun yer maydonlari olishning amalda qiyinligi ham bayon qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter