Uch egizak dunyoga kelgan hech bir tug‘uruq majmuasida elektr uzilmagan — SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda «uch nafar egizak muddatidan avval tug‘ilgani, biroq ularni vakuumga solish uchun elektr ta’minoti yo‘q» mazmunidagi tagso‘z bilan tarqalgan videolavhaga Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda joriy yil boshidan shu kungacha 8 289 nafar ayol egizak chaqaloqni dunyoga keltirgan. Ulardan 8 190 nafari ikki, qolganlari ikkitadan ko‘p farzand ko‘rgan.
«Xususan, shu yil noyabr-dekabr oylarida uch egizakdan iborat chaqaloqlar To‘rtko‘l tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limi, Toshkent, Sirdaryo, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Samarqand viloyatlari perinatal markazlari hamda Respublika perinatal markazida tug‘ilgan.
Biroq mazkur tug‘uruq komplekslarining hech birida yuqorida keltirilgan davrda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmagan. Qolaversa, shunday holat yuz bergan taqdirda ham, perinatal markazlar avtonom generatorlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Yuqorida sanasi va manzili qayd etilmagan videotasvirga kelsak, neonatologlar xulosasiga ko‘ra, lavhada ko‘rsatilgan har uch chaqaloq ham faol, teri ranglari pushti hamda barcha belgilari xalqaro qabul qilingan salomatlik mezonlariga to‘liq mos keladi. Shu bois, ular vakuum apparatida emas, ona bag‘rida bo‘lishlari zarur.
Shunday ekan, blogerlardan ijtimoiy tarmoqlar orqali asossiz, tekshirilmagan va noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter