Toshkentda yaroqliligi noma’lum yirik miqdordagi tibbiy niqoblar savdosi oldi olindi
Toshkent shahar davlat soliq xizmati oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxi sun’iy ravishda oshirilishi hamda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan mahsulotlar noqonuniy savdoga qo‘yilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan monitoring nazorat tadbirlarining bir haftalik natijasini e’lon qildi.
Poytaxt DSB matbuot markazi xabariga ko‘ra, joriy yilning 17-28 mart kunlari o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 291 ming 345 dona, umumiy qiymati 574 million 900 ming so‘mlik hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tibbiy niqoblar noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilganligi aniqlandi.
Xususan, bugun – 28 mart kuni Chilonzor tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Bunyodkor ko‘chasida fuqaro Mahmud Akramov (ism familiyalar o‘zgartirilgan) hech qanday hujjatlarsiz, yaroqliligi noma’lum bo‘lgan 68 ming 500 dona, umumiy qiymati 82 million 200 ming so‘mlik tibbiy niqoblarni noqonuniy ravishda savdoga qo‘ygani hamda narxlarni sun’iy ravishda oshirib sotayotgani ma’lum bo‘ldi. Surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, u niqoblarni namanganlik noma’lum shaxsdan naqd pulga olgani va sifat sertifikati bilan qiziqmaganini ma’lum qilishdan nariga o‘tmagan.
Vaqtincha olib qo‘yilgan tibbiy niqoblarning foydalanishga yaroqliligini tekshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga taqdim etiladi. Mahsulotlar foydalanishga yaroqli deb topilgan taqdirda aholiga foydalanish uchun chiqariladi, deyiladi Toshkent shahar DSB matbuot xizmati taqatgan xabarlarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter