Toshkentda mahalliy hokimlik mansabdori qo‘lga olindi
Toshkent shahridagi tumanlarning birida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mansabdor Navoiy viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan MChJga Toshkent shahri hududidan 16 sotix yer maydoni ajratish va bu haqda poytaxt hokimi qarorini chiqartirib berish evaziga 352 ming AQSh dollari talab qilgan. So‘ralgan pulning 35 ming AQSh dollarini olayotgan paytda DXX va departament xodimlari tomonidan naq jinoyat ustida ushlanadi.
Xuddi shunday holat Toshkent viloyati tarkibidagi shahar hokimliklaridan birida ham sodir bo‘ldi. Mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroga shahar hududidan 15 sotix yer maydoni olishda yordam berish evaziga 15 ming dollar so‘ragan. So‘ralgan pulning uchdan birini olayotgan vaqtida u ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Surishtiruv davomida qo‘lga olingan shaxs muqaddam 5500 dollar olgani ham aniqlangan.
Ayni paytda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida mazkur jinoyatga boshqa shaxslarning aloqadorligi ham o‘rganilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter