“Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha katta marralar belgilangan. Bunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya masalalari muhim ahamiyatga ega. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-fevraldagi farmoniga asosan, sohadagi davlat boshqaruvi takomillashtirildi hamda yangi vazifalar qo‘yildi.
So‘nggi yillarda 12 mingta standart tasdiqlangan edi. Yil boshidan buyon yana 1 ming 40 ta xalqaro standart qabul qilindi. Mahsulot xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida 29 ta texnik reglament ishlab chiqildi. Bular sanoat korxonalari va tadbirkorlarga yetkazilib, sertifikatlar olishiga ko‘maklashilayapti.
Mutasaddilar sohada qilingan ishlar, yil yakunigacha va keyingi yilga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha axborot berdi.
Davlatimiz rahbari tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini ta’kidlab, qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi kunda yurtimizdagi 269 ta laboratoriyadan atigi 64 tasida o‘tkazilgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Oqibatda tadbirkorlar mahsulotlarini eksportga olib chiqishda qo‘shimcha sinovlar o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Shu bois xalqaro tan olinadigan laboratoriyalarni ko‘paytirish, elektr texnikasi, qurilish materiallari, mashinasozlik kabi sohalarda 10 ta yangi laboratoriya tashkil qilish zarurligi aytildi.
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidan bormoqda. Texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilikni ushbu tashkilot talablariga moslashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Bu yil 340 ta milliy standart, 2025 yil yakunigacha yana 38 ta reglament ishlab chiqiladi. 28 ta texnik qo‘mita, laboratoriyalar faoliyatini raqamlashtirish ham muhim. Buning uchun “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Sohada sifat va samarani ta’minlash uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar kerak. Shu bois sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter