Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yashayotgan arman: «Tevos Arshakyan g‘araz to‘la maqolasi uchun uzr so‘rashi shart»

O‘zbekistonda yashayotgan arman: «Tevos Arshakyan g‘araz to‘la maqolasi uchun uzr so‘rashi shart»

O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan Abdurahmon Meshayan

Foto: «Azon.uz»

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan futboldan chetlashtirilganidan so‘ng Armanistonning «Armenian Report» nashri o‘zbeklarni millatchilikda ayblab, noxolis maqola e’lon qilgan edi.

O‘zbekistonda yashaydigan arman millatiga mansub Abdurahmon Meshayan ushbu maqolaga e’tiroz bildirib chiqdi. Uning yozganlari shu qadar haqiqatga yaqinki, Tevos Arshakyanning bo‘htonlari bamisoli garddek bo‘lib qoladi, puflasa uchib ketadi. Quyida o‘zingiz o‘qishingiz mumkin.

«Men O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganman.

Shu yurtda istiqomat qilayotganimga 27 yil bo‘ldi.

Chorak asrdan oshiqroq vaqt davomida bu o‘lkada yasharkanman, bir bora bo‘lsin menga yo qondoshlarimizga nisbatan millatchilik qilinganiga guvoh bo‘lmaganman.

Qondoshlarim ichida o‘z biznesiga, do‘konlariga ega bo‘lganlari ham talaygina.

Hech qaysisidan mol-mulki tortib olingani, biznes faoliyatiga to‘siq qo‘yilgani yo‘q hanuzgacha.

Agar O‘zbekistonda tuhmatchi Tevos Arshakyan aytayotganidek armanlarga kun berilmayotgan bo‘lganida, Artur Grigoryan hech qachon boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lolmagan, Tamaraxonimning uy muzeyi yopib tashlangan, Arevat Grigoryan millionlab o‘zbeklarning eng sevimli teleboshlovchilaridan biriga aylanmagan, ana o‘sha haqli ravishda futboldan bir umrga chetlashtirilgan Samvel Babayanning o‘zi esa O‘zbekiston milliy terma jamoasini shuncha yil boshqarmagan bo‘lardi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan futbol bo‘yicha murabbiylar ichida kelib chiqishi arman millatiga mansub shaxs faqatgina Samvel Babayan emas.

Yuriy Sarkisyan ham arman millatiga mansub. Unga ham kun berilmayaptimi?

Agar Tevos Arshakyan tuhmat qilayotganidek O‘zbekistonda armanilarga tazyiq kuchayib ketgan bo‘lsa, qanday qilib armanlarning biri el suygan hofiza, biri teleyulduz, biri milliy terma jamoaning bosh murabbiyi bo‘lishi mumkin?

Qani mantiq?
O‘zimdan qiyos.
Men she’r yozaman.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Ijod fondi tomonidan har yili bir guruh iste’dodli yoshlarning she’rlari bitta kitobga jamlanib, almanax bo‘lib bepul nashr qilinadi.

O‘sha bepul nashr qilingan kitoblarning birida kaminaning ham she’rlari bosilib chiqqan.

Holbuki u almanaxda she’rlari chop qilinishini necha yillardan beri kutayotgan o‘zbeklar bor.

Kimning qay tilda so‘zlashishiga emas, iste’dodi bor-yo‘qligiga qarab kitobga she’rlar kiritishiga kuchli dalil bu.

O‘zbekiston xalq shoiri, senator Iqbol Mirzoning menga bergan ko‘maklari va dastaklarini gapirsam, soatlar ozlik qiladi.

Na hukumat, na xalq armanlarga nisbatan tazyiq o‘tkazayotganining, aksincha, eng baland mansabu martabalarga erishgan o‘zbeklarning ham armanilarga millatchilikni xayolining bir burchagiga keltirmay yordam qilayotganining yorqin dalili bu.

Shunday ekan, tadbirkor armani tadbirkorligini, teleyulduz o‘z jurnalistligini, murabbiy o‘z murabbiyligini emin-erkin amalga oshirayotgan O‘zbekistonda, shu O‘zbekiston xalqiga tuhmat qilgan Tevos Arshakyan g‘araz to‘la maqolasi uchun uzr so‘rashi shart.

Murabbiyga kelsak, uni 32 million xalqni o‘z terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishini yana to‘rt yil kutishga mahkum etganidan ancha avval bo‘shatish kerak edi.

Bunda esa uni qo‘llagan «qo‘li uzun»larning ham, unga qarshi «bunt» qilmagan ashaddiy futbol fanatlarining ham aybi salmoqli.

Dunyoning boshqa mamlakatida qandayligini bilmadim, ammo O‘zbekistonda armanlar, chapanichasiga aytsam, maza qilib yashashyapti.

Darvoqe, bundan to‘qqiz yil burun bir qondoshim O‘zbekistondan ko‘chib ketdi. Qayga ko‘chganini aytmay qo‘ya qolay. Sotqin, laganbardor, o‘zbeklarning dumi kabi laqablarga duchor qilishmasin yana.

Xullas, o‘sha qondoshimiz, ikki yil zo‘rg‘a dosh berib, bor-yo‘g‘ini arzon-garovga sotib, yana Toshkentga qaytib keldi.

Balki o‘zi kabi armanlarga kun bermaydigan, millatchilik qiladigan, tinimsiz kamsitadigan o‘zbeklarni sog‘ingandir?

A, labbay?»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring