Tekin maslahat: Yangi yil uchun kam pul evaziga ko‘p sovg‘a olishni istaysizmi?

Yangi yil sovg‘asi
Yangi yilda barcha o’z yaqinlariga sovg’a-salomlar oladi. Shu bois, bu bayramni ko’pchilik sarf-xarajatlarga boy bayram sifatida e’tirof etadi. Sababi, sovg’alardan tashqari yana bayramona dasturxon tuzash uchun ham mo’maygina pul kerak, shunday emasmi? Biz sizga sovg’alarolishda barcha pulingizni sarflab yubormasligingiz uchun bir necha maslahatlarni taqdim etamiz.
Dastlab ro’yxat tuzamiz
Ro’yxat tuzish — sevimli narsalarimizni xarid qilishdagi eng muhim qoida. Yangi yil sovg’alari ham bundan mustasno emas. Siz kimlarga va qanday sovg’alar bermoqchisiz? Ro’yxatni tuzing va taxminan qancha mablag’ sarf etishingizni hisoblang. Balki xarajatlarni ko’rgach, uni yanada kamxarjroq sovg’alar bilan almashtirarsiz. Eng muhimi, xarid uchun yo’l olganingizda ro’yxatni unutmang!
Yangi yilgacha ulgurish
Sovg’alar sotib olishni qancha erta boshlasangiz, shuncha ularni arzon va ko’p xarid qilish imkoniga ega bo’lasiz. Shu bois, sovg’a olish ishini bayram haftasiga taqamasdan, vaqtliroq harakatni boshlang. Shunda kerakli sovg’alarni topishda ham qiynalmaysiz.
Vaqt — pul
Vaqtni tejash — Yangi yil arafasida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, bir kun ichida barcha rejalashtirgan ishlaringizni amalga oshirishga urining. Undan ham yaxshisi, sovg’alarni bir joydan xarid qiling.
«Internet-shoping»
Vaqt va pul tejashning yana bir usuli «internet-shoping»dir. Sababi, hozir internet-do’konlardagi narx-navo shahar do’konlaridagi narxlardan deyarli farq qilmaydi.
Agar siz internet-do’kon orqali sovg’a xarid qilmoqchi bo’lsangiz, u holda unutmang, bayramoldi buyurtmalar ko’p bo’lgani bois, mahsulotlarni yetkazish biroz qiyinlashadi. Shu bois, sovg’ani vaqtida olishni istasangiz, unda ularni avvalroq buyurtma qiling.
Yarmarkalar
Yangi yil uchun mo’ljallangan maxsus yarmarkalarni ham e’tibordan chetda qoldirmang. U yerda siz istagan barcha mahsulot o’rin oladi. Qolaversa, u yerdagi narx odatdagi do’kondagi narxlardan ancha arzon bo’ladi.
Qay biri muhim: sovg’a yoki uning o’rami?
Albatta, qimmatbaho sovg’a olish shart emas. Do’stlaringiz, hamkasblaringiz uchun masalan, qimmat bo’lmagan archa uchun o’yinchoqlar, bayramona suvenirlar sovg’a qilishingiz mumkin. Qolaversa, sovg’alarni rangli qog’oz yoki bayramona paketlarga solib berishingiz mumkin. Ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, kishilar ko’proq e’tiborlarini aynan sovg’a o’ramiga qaratishar ekan.
Eng muhimi — e’tibor!
Agar byudjet to’g’ri kelganda, biz hamma yaqinlarimizni yangi yil sovg’asi bilan siylagan bo’lar edik. Buning imkoni yo’q, shu bois, balki maktab davrini eslab, o’z qo’lingiz bilan biror narsa tayyorlasangiz ham bo’ladi. Masalan, o’ziga xos otkritkalar tayyorlashingiz mumkin. Bu orqali ham yaqiningizni xursand qilasiz, ham pulingizni tejaysiz.
Bayramdan so’ng
Agar barcha yaqinlaringizga sovg’a olgan taqdiringizda ham, ularni bayramga qadar berishga vaqtingiz vaxohishingiz bo’lmasligi mumkin. Shu bois, yangi yilgacha ko’rishmaydigan yaqinlaringizga bayram o’tgach, sovg’a olishingiz mumkin. Sababi, ko’pincha sotuvchilarda bayramgacha sovg’alar narxini ko’tarish, so’ng esa ularning narxini arzonlashtirish holatlari uchraydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter