Taraflar kelishgach, MIBchiga ish qolmadi

Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining tegishli ijro varaqasiga ko‘ra «Premium Stone Supply» MChJdan ATB «Asakabank» bank foydasiga 11 mlrd. so‘mdan ko‘proq qarzdorlikni undirish, undiruvni esa kredit uchun garovga qo‘yilgan mol-mulklarga qaratish belgilangan edi.
Ijro hujjati MIB Yakkasaroy tuman bo‘limiga tushgach, davlat ijrochisi yeng shimarib ishga tushdi. Avvaliga qarzdorga ixtiyoriy muddat berdi: bizniyam, o‘zingniyam qiynamay qarzdorlikni to‘lab qo‘ying, og‘aynijon, degan ma’noda.
Berilgan muddat davomida hech qanday o‘zgarish bo‘lmagach, majburiy ijro jarayonining navbatdagi bosqichiga o‘tildi. Ya’nikim, garovdagi mulklar hatlanib, sotuvga chiqarish tadorigi ko‘rila boshlanadi. Bu osonmas: mulklar mo‘ljallangan narxga kiradimi, to sotilguncha qancha vaqt ketadi - avvaldan hatto bashorat qilish qiyin. Bu yoqda haqdor (hammasi bo‘lmasayam aksariyati!) qistalang qilishni qo‘ymaydi: bizning ish nima bo‘lyapti, aka, tezlatvoring, iltimos...
Yo‘q, bu safar ortiqcha g‘urbatga o‘rin qolmadi. Haqdor va qarzdor kelishuv shartnomasi imzoladiki, mazkur hujjat MIB xodimiga ortiqcha ish qoldirmadi. Rost-da, taraflar kelishvolgach, MIBchi nimayam qilardi? Shartta ishni tamomlab, keyingisiga o‘tadi-da.
Aytgancha, MIB xodimi mazkur ish yuzasidan «quruq kelib, quruq ketmadi»: «Premium Stone Supply» MChJdan davlat foydasiga 116 mln. so‘m davlat boji to‘liq undirgach, ijro ishi amalda tamomladi.
Darvoqe, MIB xodimlari ijro ishlari kelishuv bilan yakuniga yetishini duo qilib kutadi. Chunki, murosa nainki taraflar, balki ijrochining ishini ham yengillashtiradi-da.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter