Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taqiqdan umuminsoniy qadriyatgacha — Navro‘z bayramining tarixi va buguni haqida

Taqiqdan umuminsoniy qadriyatgacha — Navro‘z bayramining tarixi va buguni haqida

Foto: Xabar.uz

Navro‘z qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda 500 milliondan ortiq aholi tomonidan nishonlanadi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Turkiyadan tashqari, Rossiyaning Boshqirdiston, Dog‘iston va Tatariston hududlarida, shuningdek, Albaniya, Makedoniya, Bosniya va Gersegovina, Hindiston, Pokiston va hatto Xitoyning ayrim qismlarida ham Navro‘z bayram qilinadi.

Tarixi

Bu kun bahorgi tenglik – 21-mart sanasiga to‘g‘ri kelib, tabiat uyg‘onishi va yangi hayot boshlanishini anglatadi.

Navro‘zning ilk yozma manbalari miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi. Avesto, Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma", Tabariyning "Tarixi Tabariy", Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" kabi manbalarda bu bayram haqida ma’lumotlar keltirilgan. Beruniy Navro‘zni yilning birinchi kuni sifatida ta’riflab, uning tabiat uyg‘onishi bilan bog‘liq ekanligini qayd etgan.

Abbosiylar xalifaligi davrida Navro‘z rasmiy bayram sifatida belgilangan, Somoniylar va Buvayhiylar davrida esa uning nufuzi yanada ortgan.

Sobiq Ittifoq davrida Navro‘zni nishonlash taqiqlandi. Unga «diniy bayram» sifatida baho berilib, eskilik sarqiti sifatida qoralandi. 

«Afsuski, ko‘p joylarda sumalak qilinayotgan doshqozonlarni ag‘darib yuborish holatlari ham kuzatilgan. Sallani olib kel desa kallani oladigan kadrlar ko‘p edi. Esimda, 1986−1988 yillarda Navro‘zga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Navro‘zni yo‘q qilib, uning o‘rniga boshqa (“Navbahor” nomli) bayramni joriy etish g‘oyasi ilgari surilgan», — deya eslaydi bayramshunos Usmon Qoraboyev.

1989 yildan Ittifoq rahbariyatining Navro‘zga nisbatan munosabati biroz yumshab, ijobiy tomonga o‘zgardi va O‘zbekiston hamda boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida u yana tiklandi.

Betakror an’analar

Har bir xalq Navro‘zni o‘ziga xos tarzda nishonlaydi.

Xalqimiz orasida Navro‘zga bog‘liq ko‘plab an’analar saqlanib qolgan. Bayram arafasida ko‘chalar, hovlilar obodonlashtiriladi, uylar bezatiladi.

Sumalak tayyorlash – bu bayramning ajralmas qismi bo‘lib, u yaxshilik va qut-baraka ramzi sanaladi.

Mehmondo‘stlik – bayram kuni odamlar qarindosh-urug‘larini ziyorat qiladilar, do‘stlar va qo‘shnilar bir-birlarini tabriklab, dasturxon atrofida yig‘iladilar.

Xalq o‘yinlari – Navro‘z bayramida xalq kuylari va raqslari ijro etilib, turli o‘yinlar tashkil qilinadi.

Sport musobaqalari – kurash, ko‘pkari, arqon tortish va boshqa milliy sport turlari bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi.

Tojikiston va Afg‘onistonda ham sumalak tayyorlash muhim marosim sanaladi. Shuningdek, dasturxonda yetti xil taom bo‘lishi an’anaga aylangan.

Qozog‘istonda “nauriz-kөje” degan milliy sho‘rva tayyorlanib, milliy sport o‘yinlari tashkil etiladi.

Qirg‘izistonda esa suvmalak, bo‘g‘irsoq kabi taomlar pishirilib, ko‘kbo‘ru (ko‘pkari) kabi milliy o‘yinlar o‘tkaziladi.

Eronda Navro‘z 13 kun davom etadi. Bu yerda haft-sin an’anasiga ko‘ra, dasturxonga olma, sarimsoq, sirka kabi 7 xil narsa qo‘yiladi.

Ozarbayjonda Navro‘zdan oldingi to‘rt dushanba (suv, otash, shamol va yer) kuni sifatida nishonlanadi.

Umuminsoniy qadriyat

Navro‘z ko‘plab xalqlarning madaniy rang-barangligi va an’analarini o‘zida aks ettirgan ulug‘ qadriyat sifatida 2009-yil 30-sentyabrda YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi deb qayd etildi.

Bundan tashqari, 2010-yilda BMT tomonidan 21-mart — "Xalqaro Navro‘z kuni" sifatida e’lon qilindi.

Bosh Assambleya manfaatdor a’zo davlatlar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari va jamg‘armalari, dasturlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, nodavlat muassasalariga Navro‘zni nishonlaydigan davlatlar tadbirida munosib ishtirok etishga tavsiya berdi.

Bu bayram nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyatga aylandi.

Bugungi muqaddas kunlarda yaqinlaringiz, ayniqsa keksalar, xasta yotgan kishilar holidan xabar oling, ularning ko‘nglini so‘rang. Shunday mehrga, muruvvatga ilhaq kishilarga Navro‘z shukuhini yetkazing.

 Lutfullo Tursunov,

jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring