Suv kamaymoqda, narx oshmoqda: endi nima bo‘ladi?
Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Buni aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foiz ekanidan ham anglash qiyin emas. Jumladan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foiz atrofida. Ta’minot ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha eng past hudud – Qashqadaryo viloyatidir (51,6 foiz).
Ichimlik suv avvalo cheklangan resurs hisoblanadi. Qolaversa, juda qimmat ijtimoiy xarajatlar toifasiga kiradi. Bu – butun dunyoda tan olingan haqiqat. Shunday ekan, suv hammaga yetishi uchun avvalo mamlakat miqyosida uni tejash talab etiladi. Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo‘lmaydi. Arzon narsa hech qachon qadrlanmaydi. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.
Hozir respublikamizning ko‘plab tumanlarida suv quvurlarida oldingidek suv oqmayapti. Suv quvurlari boshidagi manbalarda oldingi suv zaxiralari yo‘q endi. Yerosti ichimlik suvlari ham qochmoqda. Ariqlarda endi bizning ko‘zimiz o‘rgangan suvlar oqmay qo‘ydi. Masala jiddiyligiga bugun olimlar, jamoatchilik e’tibor qaratmoqda. Suv taqchilligi barcha muammolarni kuchaytirmoqda. Prognozlar esa vaziyatning naqadar qaltis ekanini ko‘rsatmoqda.
Qat’iy tejamkorlikka o‘rganmas ekanmiz, yaqin kelajakda vaziyat o‘ta jiddiylashib ketishi turgan gap.
Jahon banki tahlillariga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kub kilometrdan 62-63 kub kilometrgacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub kilometrdan 52-53 kub kilometrgacha kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini besh barobarga oshiradi. Ichimlik suvi ta’minotidan foydalanishda asosiy xavflar – chuchuk suvning taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, uning ifloslanishi, qurg‘oqchilik va boshqalardan iborat.
Nega suv narxi oshirilyapti?
Birinchidan, so‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko‘paygani jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
Tarif narxlari oshishida birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarini joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, ayni paytda ko‘plab mutaxassislar hukumatning suv tanqisligi muammosiga yangi yondashuvlar bilan kirib borishi muhim ahamiyatga egaligini takrorlamoqda. Bu jarayonda aholining suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish ham zarur. Ichimlik suvi basseyn to‘ldirish, bog‘ sug‘orish yoki avtomobil yuvishga emas, iste’mol uchun sarflanishi kerakligini tushunib yetish lozim.
Mavjud vaziyat aholini suv bilan ta’minlash masalalarida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish zarurligidan dalolat beradi. Yangi tariflarda pul to‘lashni boshlagan xonadonlar yendi undan xo‘jasizlarcha foydalanishni to‘xtatadi. Qolaversa, bu mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini qurish imkonini ham beradi.
Ikkinchidan, so‘nggi yillarda yurtimizda markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashdi. Bu yo‘nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda Toshkent shahrida aholi tomonidan 1 kub (1000 litr) ichimlik suvi uchun 400 so‘m, oqova xizmatlar uchun esa 350 so‘m to‘lov amalga oshirilmoqda. Amaldagi tarifga bundan 3 yil oldin o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda ichimlik suvi tannarxini belgilovchi omillar qiymati oshgani sababli aholiga berilayotgan ichimlik suvi uchun to‘lovlar o‘z xarajatlarini qoplamay qolmoqda.
Shuni inobatga olib, Toshkent shahrida aholi iste’molchilariga 1 litr ichimlik suvi uchun 1 so‘m 40 tiyin (amalda 40 tiyin), oqova suv uchun esa 1 so‘m (amalda 35 tiyin) yetib belgilash bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga taqdim etildi. Ya’ni, endilikda poytaxtdagi iste’molchilar bir metr kub suv uchun 1400 so‘m, oqova suv uchun esa 1000 so‘m to‘lashi ko‘zda tutilmoqda.
Toshkent shahrida oshishi kutilayotgan suv va kanalizatsiya narxlari respublikaning boshqa hududlaridagi ayni kundagi narxlardan pastligicha qolmoqda.
Bugungi kunda, 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etadi. Misol uchun, ichimlik suv narxi tannarxiga nisbatan:
– Qoraqolpog‘istonda 1,7 barobarga (suv narxi – 1 850 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 3 221 so‘m);
– Sirdaryo viloyatida 1,9 barobarga (suv narxi – 1 250 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 2 374 so‘m);
– Toshkent viloyatida 1,8 barobarga kam (suv narxi – 950 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi 1 722 so‘m).
Natijada suv ta’minoti korxonalari 2021 yilda 127,4 mlrd so‘m, 2022 yilda 286,8 mlrd so‘m va 2023-yil I choragida 120,4 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Birgina Toshkent shahri misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2021 yil yanvar oyidan beri tariflar oshirilmagani va xarajatlar karrasiga oshib ketgani natijasida 2022 yilda 15,7 mlrd so‘m, 2023-yil 1-sentyabr holatiga 42 mlrd so‘m zarar ko‘rilgan.
Shuningdek, respublikamizda joriy yilning 1 oktyabridan boshlab budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi narxi amaldagi 450 so‘m o‘rniga ikki baravar, ya’ni 1 kVt/soat uchun 900 so‘mga oshirildi. Suv uchun taklif etilayotgan yangi tariflarda «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ tomonidan to‘lanadigan 1 yillik elektr energiya to‘lovi ichimlik suvi uchun 118,8 mlrd so‘m, oqova suvi uchun 73,3 mlrd so‘m hisobga olingan.
Etiborli jihati, tannarxdagi elektr energiya sarfini qiqartirish maqsadida quyosh panellari va yenergo tejamkor nasoslarni o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda.
Uchinchidan, viloyatlarda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv hamda kanalizatsiya inshootlari barpo etilishi zarur. Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lib, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlanmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, ichimlik suvini ishlab chiqirish va uni iste’molchilarga yetkazib berilishidagi asosiy muammo – mavjud 10 942 ta suv inshootining 2 318 tasi (21,2 foizi), 89 ming km markaziy va ichki tarmoqlarning 23,6 ming km (26,5 foizi) qismi ta’mirtalab holatga kelib qolganidir.
Ichimlik suvining o‘rtacha yo‘qotilishi respublika bo‘yicha 25,7 foizni tashkil etib, shundan texnologik sarflar 10,6 foiz, ta’mirtalab tizimlarda vujudga kelayotgan avariyalar natijasidagi yo‘qotishlar 15,1 foizni tashkil etadi.
Xulosa qilib aytganda, respublika bo‘yicha elektr energiya, reagentlar, tarmoqlarni joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha sohada qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelgan. Bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko‘zda tutilmagan.
Taklif etilayotgan yangi tariflar orqali keladigan qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga tarmoqlar joriy va mukammal ta’mirlanib, avariya holatlarini qisqa muddatlarda bartaraf etish imkoni yaratiladi. Bu esa, albatta, suv yo‘qotishlar darajasini qisqartirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter