Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ulug‘bek xazinasi» qidiruv ishlarini Bosh prokuratura nazoratga oldi

«Ulug‘bek xazinasi» qidiruv ishlarini Bosh prokuratura nazoratga oldi

Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar To‘palang daryosi qirg‘og‘idan juda ko‘p mis tangalar topib olgani xabar qilingandi.

Prokuratura organlari tomonidan Surxondaryo viloyatidagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan «Ulug‘bek xazinasi» topilganligi haqidagi ma’lumot o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 2 mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan oqib o‘tuvchi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan mahalliy aholi tomonidan mis tangalar topilgan.

3 mart kuni Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soha vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganish davomida qo‘shimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi ixtiyoriy ravishda olinib, muzey fondiga topshirilishi ta’minlandi.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi, madaniy meros boshqarmasi hamda arxeologiya muzeyi xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ekspeditsiya tashkil etilib, hozirda qazishma ishlari olib borilmoqda.

Birgina, joriy yilning 9 mart kuni ekspeditsiya vakillari tomonidan 4 dona mis tangalar topilgan.

Arxeologik olimlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, ushbu ashyolar Mirzo Ulug‘bek hukmronligi (XV asr) davrida zarb etilgan pul tangalarining shu kunga qadar topilgan eng katta va yaxshi saqlangan madaniy meros xazinasi hisoblanadi.

Hozirda ushbu manzilda qidiruv ishlari davom ettirilayotgan bo‘lib, Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring