Sirdaryoga yuborilgan buyumlarning ayanchli holati bo‘yicha hokimlik munosabat bildirdi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Sardoba falokatidan jabrlanganlarga yuborilgan buyumlarning Gulistonda ayanchli holatda yotgani haqida fotolar tarqaldi. Sirdaryo viloyati hokimligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat Guliston shahri N.Zokirov ko‘chasi 1-uyda joylashgan vaqtinchalik omborxonada kuzatilgan bo‘lib, bu ombor «Sardoba» suv omborida favqulodda holat yuz berganligi munosabati bilan ko‘ngillilar tomonidan insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan kiyim-bosh va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarini qabul qilishga mo‘ljallangan.
«Mazkur omborga yuborilgan buyumlar, avval Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan jalb etilgan faol yoshlar (volontyorlar) tomonidan ochiq maydonda saralanadi, shundan so‘ng epidemiologik xavfsizlikni ta’minlab, yuqumli kasalliklar tarqashi ehtimolini kamaytirish maqsadida dezinfeksiya qilingan holda turlariga qarab omborning yopiq qismiga joylashtiriladi.
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 13-14-may kunlari Guliston shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va odamlar ta’bini biroz xira qilishga sabab bo‘lgan holat aynan ko‘ngillilar tomonidan yuborilgan buyumlarni yuk mashinalaridan tushirilib, saralash jarayoni ketayotgan bir vaqtda kuchli yomg‘ir yog‘gan.
Tabiiyki, bu holatga u yerda faoliyat yuritayotgan volontyorlar omborning yomg‘irdan panaroq qismida yomg‘ir tinishini kutib turishgan. Huddi shu vaziyatda noma’lum shaxs tomonidan suratga olinib, uning ijtimoiy tarmoqda tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Endi ushbu mahsulotlarning tarqatilishida «propiska» asosida tarqatilishi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, avval saralanib, buyumlar dezinfeksiya qilinganidan so‘ng favqulodda vaziyatda zarar ko‘rgan hamda vaqtincha evakuatsiya qilingan aholiga yetkazilmoqda», deyiladi hokimlik munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter