Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev taklifi asosida Toshkentda xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev taklifi asosida Toshkentda xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Foto: «Xabar.uz»

2018-yilning 27-28-sentyabr kunlari Toshkent shahrida «Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 11-oktyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida so‘z yuritgandi. Mazkur xalqaro anjuman Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda 2018-yilda «Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli» mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazish haqida bildirgan takliflari asosida tashkil etilmoqda.

Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — xalqaro ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahliliy doiralarni oilani mustahkamlash hamda yoshlar tarbiyasi borasida O‘zbekiston tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, mazkur sohaning dolzarb muammolari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, ularning oldini olish va bartaraf etishning samarali,  ta’sirchan yo‘llarini izlash hamda bu borada xalqaro va chet el tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aniq istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqishdan iborat.

Konferensiyada 20 ga yaqin mamlakatlardan mehmonlar, yetakchi ekspertlar, diplomatik korpus vakillari  ishtirok etishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda amalda bo‘lgan xalqchil ijtimoiy siyosat, oilalar muammolarini barvaqt aniqlash va hal etish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan huquqiy va tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar bilan xorijiy mehmonlar yaqindan tanishtiriladi. 

Anjumanda 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasining barqaror rivojlanishni ta’minlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, oila va mahalla institutlarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy harakatlar dasturi sifatidagi ahamiyati keng muhokama etiladi.


Oilalarni mustahkamlash, o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasida  mahallalar qoshidagi Yarashtirish komissiyalarining ahamiyati katta. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur komissiyalar tomonidan 64 214 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 39 230 ta holatda er-xotin, qaynona-kelin, kelin va oilaning boshqa a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berilgan. 6 954 ta holatda qarindoshlar murosaga keltirilgan.

2018-yilning o‘tgan olti oyi davomida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida 21 015 ta muhokamalar o‘tkazildi. Natijada 11 209 ta oilaning nizolariga barham berildi, 4 414 ta oila ajralib ketishdan saqlab qolingan.


Konferensiya davomida quyidagi asosiy masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan:

  • 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi barqaror rivojlanishni ta’minlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, oila va mahalla institutlarini mustahkamlash bo‘yicha real harakatlari dasturi sifatida;
  • mahalla instituti faoliyatining normativ-huquqiy bazasi, fuqarolar yig‘inlarining vazifalari va vakolatlari, ularning aholi bilan ishlash mexanizmlari, oilalar va yoshlarning dolzarb muammolarini hal etishdagi o‘rni;
  • oilalarni mustahkamlash sohasida avvalo «Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat» konseptual g‘oyasini   hayotga joriy etishga qaratilgan yagona davlat siyosatini yuritishning dolzarb jihatlari, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oilalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasining mazmun-mohiyati;
  • jamiyat va davlatning asosini tashkil etuvchi haqiqiy fundamental qadriyat, sifatida oilani saqlash va mustahkamlash, yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasining avlodlarni bog‘lovchi (o‘rtasida vorisiylikni) asosi, zamonaviy oila rivojlanishining muammolari, zamonaviy namunali oilani aniqlash mezonlari;
  • oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishi, farovonligi va hayot darajasi, bandlik, shuningdek xususiy, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘li bilan  real daromadlarini oshirish;
  • notinch va noqobil oilalar bilan ishlash, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, nizoli vaziyatlarni bartaraf etish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va turli milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan ta’sirlardan himoyalash bo‘yicha ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish;
  • o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT, davlat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlarining oilalar va yoshlar bilan  ishlashda tizimli o‘zaro hamkorligini tashkil etish, mavjud muammolar va ularni yechish yo‘llari.

2018-yili fuqarolar yig‘ini huzuridagi «Ota-onalar universiteti» jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Ushbu universitetning asosiy vazifasi — farzand tarbiyasiga yetarli e’tibor bermayotgan ota-onalar bilan ishlash, fuqarolar yig‘inidagi oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olishdan iborat.


Anjuman ishtirokchilarini ta’lim muassasalari hamda mahallalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish ham rejalashtirilgan.                                                        

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring