Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Savol hamon muallaq: pandemiya — kimga aza, kimga maz-za?!

Savol hamon muallaq: pandemiya — kimga aza, kimga maz-za?!

Bugunni nega «sinovli kunlar» deyapmiz? Javob oddiy: ayni davrdagi mashaqqatlar millatning irodasi va ma’naviyati nechog‘lii ekanini ko‘rsatuvchi barometr vazifasini ham bajaryapti-da.

Besh barmoq barobarmas, to‘g‘ri. Bugun borini boshqalar bilan baham ko‘rayotganlar oz emas, imkoniyatdan foydalanib qolishga urinayotganlar ham yetarli. Hammaga insof bersinku-ya, biroq koronavirusga duch kelib, hayoti xavf ostida qolgan bemorlarning ahvolidan foydalanib qolishga urinayotganlarni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu gap mazkur baloni daf etishga ajratilgan mablag‘larni armonsiz o‘marayotganlarga ham, zarur dori-darmonlar narxini osmonga chiqarib yuborayotganlarga ham birdek tegishli. 

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mahkama huzuridagi Departament xodimlari bugungi sinovli paytda moddiy boylik orttirish maqsadida jinoyatga qo‘l urayotgan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘ymoqda.

Jumladan, Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro A. H. boshqalar bilan til biriktirgan holda dori vositalari narxlarini sun’iy ravishda oshirib, mo‘may daromad olay-olay deb turishganda «ishning beliga tepishdi». Ya’nikim,  ular hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 500 dona «Propinem 100 mg» dori vositasining har donasini 90 ming so‘mdan hisoblab, 45 mln. so‘mga, 1000 dona «Meropenem 1ml flakonda»ni esa har donasini 50 ming so‘mdan jami 50 mln. so‘mga, 300 quti «Bitsiklol 25 mg»ning har qutisini 265 ming so‘mdan hisoblab, jami 79,5 mln. so‘mga sotishayotgan paytda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda esa fuqaro A. Yu. «Indvir» 100 ml. dori vositasining har qutisini 100 AQSh dollaridan «narxlab», 100 qutisini 10.000 AQSh dollariga sotayotganda ushlandi. Tadbirda A.Yu.dan jami 108 quti «Indvir» dorisi ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan.

Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari ham chakki natija qilishmadi. Ular o‘tkazgan tezkor tadbirda F. A. va boshqalarning pandemiya paytida talab yuqori bo‘lgan «Remdesevir 100 mg» dori vositasini katta pulga sotishining oldi olindi. Ular xorijda ishlab chiqarilgan 85 quti «Remdesevir 100 mg»ning har qutisini 750 ming so‘mdan hisoblab, jami 6.200 AQSh dollariga bir fuqaroga sotayotgan paytda tuzoqqa tushishdi. Bundan tashqari ularning biriga tegishli «Lasetti» avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda yana 135 quti «Remdesevir 100 mg» dori vositasi (jami taxminiy qiymati 165 mln. so‘mlik) dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring