Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Savob kerakmi yoki «ochko»?

Savob kerakmi yoki «ochko»?

Foto: «Xabar.uz»

Muslimbek Mamadaliyev birinchi guruh nogironi, ayolining qismatiga ham shu yozilgan. Imkoniyati cheklangan bu oilaning bir nafar farzandi bor. Ahvolini bayon qilib, Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qilgandi, javobdan boshi osmonga yetdi: ozgina sabr qilsa, nasib, uyli bo‘ladi!

Orziqib kutilgan kun... kutilmaganda keldi. 2018-yilning avgustida, boz ramazon hayiti arafasida tuman hokimligidan xabar keldi: tayyor bo‘lib turinglar, yangi uyga ko‘chasizlar!

Bu xushxabarning jindek xijolatli joyi yo‘q emasdi: uylarning ozgina kamchiliklari bor, bartaraf etguncha sabr qilasizlar-da endi...

Xullas, yangi uylar sohiblari qatori Mamadaliyevlar ham uncha-muncha kamchiliklardan ko‘z yumib turishdi: uyushtirilgan katta tadbirda katta mamnuniyat hali bitmagan uyning kalitini oldilar,  shunday savobli ishga qo‘l urgan katta-yu kichik duolarga ko‘mildi.

Mana, Ulug‘norning qoq markazi, tuman hokimligining shundoq peshonasida, kollej yotoqxonasidan bir amallab 27 ta xonadonga  aylantirilgan «dom»ning ikkinchi qavatiga ko‘chib o‘tishganiyam ikki oydan oshdi. Qishli-qirovli kunlar eshik qoqyaptiki, «mayda-chuyda» kamchiliklar bartaraf etilishidan darak yo‘q. Ya’ni, tabiiy gaz, ichimlik suvi hali tarmoqqa ulanmagan, oshxonaning «dimoxoti» yo‘q, hojatxona bor, ammo ishlamaydi. Tashqarida, «dom»dan yuz qadamcha narida umumiy hojatxona bor, hamma shundan foydalanishga majbur. Uy to‘rt qavatli, yo‘laklari qorong‘u ekani e’tiborga olinsa, yarim tunda «tashqariga» chiqishga majbur bo‘lgan nogironlarning ahvolini tasavvur qilavering!

Qurilish tashkiloti bilan bog‘lanilsa, «biz hali uyni topshirmadik», degan javob olinadi. Yana deng qo‘shibam qo‘yishadi: «...Uy yoqmayotgan bo‘lsa, bo‘shatib qo‘ying!»

«Noshukur»larga bundan yaxshi javob yo‘q!

Quruvchilarning bir gapida jon bor: uy rasman foydalanishga topshirilmagan. Hamma balo mahalliy rahbarlarning odamlarni «ixtiyoriy-majburiy» ravishda «yangi uy»ga ko‘chirib, bu haqda «yuqoriga» hisobot berishga shoshliganida, xolos. Bunday soxta tezkorlik va hisobotbozlik jabrini dunyoga keliboq qismatning achchiq sinoviga duch kelgan nogironlar ham tortishmoqda! Ikkinchidan, bu kabi soxtakorlik mamlakat Prezidenti tomonidan olib borilayotgan  insonparvarlik, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash siyosatiga soya tashlash ehtimolini yuzaga keltirmoqda.

Muammoning og‘riqli nuqtasi shunda!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring