Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sardoba xarobalarida» yashayotgan oila voqeasiga rasmiy munosabat bildirildi

«Sardoba xarobalarida» yashayotgan oila voqeasiga rasmiy munosabat bildirildi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Sardoba xarobalarida» sarlavhasi ostidagi xabar va unga ilova qilingan videoga Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati o‘z munosabatini bildirdi.

Tarqalgan xabarda Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasi Bo‘ston ko‘chasida ilgari molxona, omborxona bo‘lgan joy endi bir oila uchun boshpanaga aylangani, unda 44 yoshli idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydigan ayol, uning 16 yoshli qizi, shuningdek, turmushi o‘xshamagan 25 yoshli sanitarka bo‘lib ishlaydigan qizi Dildora hamda uning besh yoshli o‘g‘li yashayotganligi ma’lum qilingandi.

«Tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining bergan ma’lumotiga ko‘ra, «Sardoba» suv omboridagi texnogen holat sabab yuz bergan suv toshqiniga qadar Gulchehra Allayorova (44 yoshli idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydigan ayol) nabirasi va ikki nafar qizi bilan ukasi Ilhom Umrzoqovning Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasi Bo‘ston ko‘chasida joylashgan uyida birgalikda istiqomat qilib kelgan.

Suv toshqini oqibatida mazkur xonadon zarar ko‘rgan va ishchi guruhi tomonidan yashashga yaroqsiz deb topilgan. Ushbu xonadon Ilhom Umrzoqovning rafiqasi Umrbuvi Umrzoqova nomida bo‘lib, yetkazilgan zararini qoplash maqsadida hozirda yangi qurilayotgan uy-joylardan biri berilishi nazarda tutilgan va hujjatlari qabul qilingan. Shuningdek, hukumat tomonidan U.Umrzoqovaga 40,0 mln.so‘mlik kompesatsiya puli, maishiy texnika uchun sertifikat berilgan.

Ushbu vaziyatda G.Allayorova va uning farzandlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Boquvchisi yo‘qligi, buning ustiga ikki nafar qizi va nabirasi bilan yashayotganligi inobatga olinib, unga ham 40,0 mln.so‘m pul mablag‘i, maishiy texnika uchun sertifikat ajratildi.

Toshqindan so‘ng barcha evakuatsiya qilinganlar qatorida G.Allayorova ham oila a’zolari bilan tuman markazidagi kollej yotoqxonasiga joylashtirilib, yetarlicha oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlangan. Ammo G.Allayorova kollej yotoqxonasida ma’lum muddat yashagach, suv toshqiniga qadar istiqomat qilgan xonadonning ilgari molxona, omborxona o‘rnida foydalanilgan qismiga kelib joylashgan.

Kuz mavsumining yog‘ingarchiliklari hisobga olinib, tuman hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i tomonidan G.Allayorova va uning oila a’zolari avtobus bilan tuman markazidagi kollej yotoqxonasiga olib kelingan. Issiq ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, fuqaro G.Allayorova va uning farzandlari sababsiz ravishda yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan joyga yana qaytib kelgan.

Ayon bo‘lishicha, G.Allayorova bunday xatti-harakatlari bilan talafot ko‘rgan aholi uchun qurilayotgan uylardan o‘zi va oilasi uchun ham ajratilishini xohlamoqda. Biroq belgilangan tartib-qoidalar mavjud. Ya’ni, yuqorida ta’kidlanganidek, G.Allayorova talafotdan oldin yashagan xonadoni ukasining turmush o‘rtog‘i U.Umrzoqova nomida bo‘lganligi sabab uning nomiga hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shunday bo‘lishiga qaramay, fuqaroning oilaviy sharoiti hisobga olinib, ayni kunlarda Allayorova Gulchehra Atabayevnaga «Haqiqat» mahallasida qurilayotgan uy-joylardan ipoteka kredit asosida xonadon ajratilishi uchun kerakli hujjatlar viloyat ishchi guruhi tomonidan qabul qilingan va o‘rganilish jarayonida», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati munosabatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring