Samarqanddagi go‘zal festival
Samarqand shahrida «Yuksak ma’naviyatli avlod» respublika festivalining Samarqand viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand shahri va viloyatning barcha tumanlaridan kelgan yoshlar uch yosh toifasida (14-16, 17-19, 20-25) badiiy ijod, san’at, rassomchilik, kashfiyotchilik, dizaynerlik, hunarmandchilik, mustaqillik tarixi bilimdonligi, Prezident asarlari bilimdonligi kabi sakkiz yo‘nalishda o‘z iqtidorlarini namoyish qilishdi.
Festival ishtirokchilari va ularning ishlari bilan tanishib, yoshlarimiz orasida iste’dodlilari ko‘pligidan xursand bo‘ldik.
Eng avvalo velosipedga motor o‘rnatib, to‘planganlar oldida uni minib, «kataysa» qilib yurgan o‘quvchining ishi e’tiborimizni tortdi.
− Urgut tumani G‘o‘s qishlog‘idagi 136-maktab o‘quvchisiman, − deb o‘zini tanishtirdi Abdulla Ziyodullayev. – Qishlog‘imiz balandliklarda joylashgani uchun velosipedim bilan darsga qatnashga qiynalar edim. Shunga velosipedimga o‘t o‘radigan mashinaning motorini o‘rnatib oldim.
Abdullaning orzulari bilan qiziqdik.
− Kelajakda quyoshdan quvvat olib yuradigan mashina yaratmoqchiman!
Tayloq tumanidan kelgan Muxlisa Tolibova yaratgan o‘zbekona milliy liboslar to‘planganlarda hayrat uyg‘otdi.
− Milliy hunarmandchilik yo‘nalishi bo‘yicha tuman g‘olibi bo‘lib, festivalning viloyat bosqichiga o‘zim tikkan, to‘qigan kiyim-kechaklarni olib keldim, − dedi Muxlisa. − Liboslarimda asosan atlas, adras, kimxob kabi milliy matolardan foydalandim. Taqinchoqlarni ham o‘zim yasadim.
Yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanib, lavh yasab o‘tirgan qiz e’tiborimni tortdi. Odatda yog‘och o‘ymakorligi bilan o‘g‘il bolalar qiziqishardi.
− Dilxumor Xursandovaman, Urgut hunarmandlik kolleji o‘quvchisiman.
− Oilangizda ustalar bormi?
− Ha, bobom o‘ymakor usta, u kishining ishlariga havas qilib, shu kasbni tanladim.
Ishtixon axborot texnologiyalari kolleji 2-kurs o‘quvchisi, professional rassomlarga yetib olayozgan musavvir qiz Sitora Nazarova «Ham ziyorat, ham tijorat» deganlaridek festival davomida pul ishlab olayapti ekan. Xohlaganlar unga pul berib, qisqagina vaqt ichida o‘z portretlarini chizdirib olishayapti. Qizig‘i, suratini chizdirganlar xursand, hammasini rosa o‘xshatgan.
− Mening ham suratimni chizib berasizmi? – so‘radim Sitoradan. – Qancha vaqtda va qanchaga chizib berasiz?
− Ochig‘ini aytaveraymi? Yuz ming so‘m berib, oldimda bir soat o‘tirsangiz bas, o‘xshatib chizib berishga javob!
Farzandlarimiz ana shunday dadil, shijoatli, eng muhimi, ishbilarmon va toparmonligidan, ochig‘i, quvondim.
Qo‘shiqchilar bellashuvi eng ko‘p tomoshabin yig‘ibdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov boshchiligidagi hakamlarga yuzga yaqin qo‘shiqchi yoshlar orasidan eng zo‘rini tanlab olish oson bo‘lmasligi aniq. Sababi, yoshlarning hammasi bir-biridan yaxshi. Juda ko‘pchiligi o‘z she’riga o‘zi kuy bastalab ijro qilayotgani hayratimni oshirdi. Pastdarg‘om tumanidan kelgan 8-sinf o‘quvchisining o‘zi kuy bastalaganiga uncha ishonmadim, ammo qo‘shig‘ini eshitib, bunga amin bo‘ldim.
Tabiatan she’riyatga oshnoligim bois nazm yo‘nalishi bo‘yicha bellashuv bo‘layotgan zalga talpindim. Taniqli shoir Xurshid Nurullayevning boshi qotgan.
− Farzandlarimizning hammasi bir-biridan yaxshi ijod namunalarini olib kelishgan, − deydi Xurshid aka. – To‘g‘ri, yangi so‘z aytilmagan she’rlar ham oz emas, ammo yangi so‘z aytilgan, yangi tashbehlar topilgan she’rlar talaygina. Urgutlik Sitora Odilovaning, narpaylik Aziza Murodova, E’zoza Sa’dinovalarning, Shohista Suvonovalarning she’rlari ayniqsa ma’qul bo‘ldi. Ichlarida tayyor shoir bo‘lib qolgan yoshlarni ko‘rayapman.
«Xabar.uz» muxbiri ekanimni bilishgach, birpasda meni qalamkashlar o‘rab olishdi. «She’rimni e’lon qilasizmi?» deya hammalari o‘z she’rlarini o‘qib bera boshlashdi. Ayrimlarini yozib oldim. Bir o‘qib ko‘ring:
Baxtni so‘ray
Bugun ko‘nglimni men to‘nkarib,
Sabr daryosiga yuvib qo‘ydim.
Qurisin deya qoqib-qoqib,
Yurak to‘riga ilib qo‘ydim.
Qizitay deya yurak-bag‘rim,
O‘tinday yoqdim dardlarimni.
Makon qilib men dilga she’rim,
Aytdim unga bor arzlarimni.
So‘ngra xayolan ko‘kka uchib,
Osmondan butut sug‘uraman.
Qaldirg‘och qanotiga qo‘nib,
Shu bulutlardan in quraman.
Quvonchim asrab yomon ko‘zdan,
She’rimdan unga soqchi qo‘yay.
Baxt nedir u bilmay yolg‘izdan,
Borib bir bora so‘rab ko‘ray.
Shohista Suvonova, Narpay tumanidagi 54-maktabning 9-sinf o‘quvchisi
Yurak
Yuraklar bor, to‘lin oydek
Yonib turar bir umr.
Yuraklar bor, yonmaydi hech
Misoli yonmas ko‘mir.
Yuraklar bor, mehrga boy,
Sevgay har bir insonni.
Yuraklar bor, xiyonatkor,
Sotgay hatto iymonni.
Yuraklar bor, borlig‘ini
Sadqa aylar yor uchun.
Yuraklar bor, muhabbatdan
Qadrlaydi zar kuchin.
Yuraklar bor, daryoday keng,
Do‘stga ochiq erta-kech.
Yuraklar bor, qutidek tor,
Qulfi bor, ochilmas hech.
Aziza Murodova, Narpay iqtisodiyot kollejining 2-kurs o‘quvchisi
O‘tinch
Kiprigiga osilgan mujgon,
Tog‘dek bosar yelkalarini.
Iltijom sendan, yomg‘irjon,
Yuvgin peshonasin sho‘rini.
Kulgichidan o‘pib ket, quyosh,
Qarog‘iga nurlar tashlabon.
Mayin-mayin esing, shamollar,
Orom bering sochin silabon.
Bandi dilda uxlaydi sevinch,
Ohlar urib uyg‘ot, bulbuljon.
U sevishi kerak qaytadan,
Davo bo‘lgin endi, umidjon...
Sitora Odilova, Urgut tumani Chapdara qishlog‘i
Nihoyat, «Yuksak ma’naviyatli avlod» festivalining respublika bosqichiga boradigan g‘oliblar aniq bo‘ldi. Ular bilan tanishing:
- «Vatan kuychisi» yo‘nalishida:
tayloqlik Shohrux Nishonov (14-16 yosh); oqdaryolik Ozoda Ermuhammedova (17-19 yosh); urgutlik Isroil Zoyirov (20-25 yosh).
- Badiiy ijod yo‘nalishida:
Shohista Suvonova (Narpay), Humoyun Quvondiqov (Kattaqo‘rg‘on), Sitora Odilova (Urgut).
- Rassomlik yo‘nalishida:
Jasmina Usmonova (Narpay), Mo‘’tabar Jaunboyeva (Qo‘shrabot), Shohruz Eshniyozov (Narpay).
- Dizaynerlik yo‘nalishida:
Shahlo Obloqulova (Qo‘shrabot), Shohista Norboyeva (Payariq), Bibihojat Rasulova (Qo‘shrabot).
- Eng iqtidorli hunarmand yo‘nalishida:
Mohinur To‘xtamurodova (Kattaqo‘rg‘on), Alimardon Annaqulov (Qo‘shrabot), Sitora Pardayeva (Oqdaryo).
- Mustaqillik tarixi bilimdoni yo‘nalishida:
Mehroj Sayfullayev (Payariq), Qosimbek Ubaydullayev (Jomboy).
- O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti asarlari bilimdoni yo‘nalishida:
Munavvar Abrorova (Urgut), Go‘zal Eshniyozova (Payariq).
- Yuksak ma’naviyatli avlod yo‘nalishida:
Yusuf Suyarov, Muzaffar Mamarasulov (Kattaqo‘rg‘on), Musaxon Kamolov (Payariq).
G‘oliblarga festivalning respublika bosqichida ham omad tilaymiz.
Karimberdi To‘ramurod, «Xabar.uz» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter