Rossiyada ommaviy mushtlashuvlar. Mojaroga o‘zbekistonliklar ham aralashib qolayotganidan xavotir bildirildi

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi qurolli ziddiyat Rossiya hududiga ko‘chdi. Moskva va Podmoskove hududida ozarbayjon va arman millatiga mansub fuqarolar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar kuzatildi.
Rossiya huquq idoralari ushbu ziddiyatni «o‘rik urushi» deb atadi. Gap shundaki, mojaro Moskvadagi yirik savdo markazlaridan biri «Fud Siti»ga Armanistondan yuborilgan o‘riklarning o‘tkazilmaganidan boshlangan. Bu esa tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatgan. Rossiya poytaxtida arman va ozarboyjonlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuvlar ro‘y bergan. Ikki millat vakillari bir-biriga qarashli kafe, restoran va do‘konlar hamda avtomobillarga o‘t qo‘ygan. Ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan gijgijlovchi videomateriallar milliy nizoning avj olishiga sabab bo‘lgan.
Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari o‘nlab bezorini qo‘lga olgan. Ular Armaniston va Ozarboyjon fuqarolari ekani aniqlangan. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining bezorilik, bosqinchilik kabi moddalari bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Politsiya ommaviy mushtlashuvlarda qatnashganlar Rossiyadan deportatsiya qilinishini istisno etmagan. Mamlakatning shimoliy poytaxti – Sankt-Peterburgda ham hibslar amalga oshirilgan.
Milliy nizo o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, o‘rmonga o‘t ketib ho‘lu quruq yonishi hech gap emas. Shu bois vaziyatga oshig‘ich ravishda Federal xavfsizlik xizmati aralashgan.
Xavfsizlik idorasi rasmiylari har ikki millat vakillarini suhbatga chaqirib, ziddiyatga aloqador shaxslar «juda qattiq jazolanishi», vaziyat «shaxsan mamlakat rahbariyati nazoratida» ekanini ma’lum qilgan. Pirovardida Rossiyadagi arman va ozarboyjon jamoalari yetakchilari millatdoshlarini provokatsiyaga uchmaslikka chaqirgan.
Huquq idoralari arman va ozarboyjon millatiga mansub jinoiy avtoritetlar bilan ham suhbatlashgan.
Ommaviy mushtlashuvlarga Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston fuqarolari ham aralashib qolayotgani borasida xavotir bildirilgan. Xususan, Moskvada faoliyat yuritib kelayotgan huquqshunos Zarnigor Omonullayeva o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini sog‘lom aqlga tayangan holda ish tutishga da’vat qilgan.
«Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, «Fud Siti»da va yana boshqa ikki millat vakillariga qarashli ob’yektlarda ishlaydigan migrantlar – o‘zbeklar, tojiklar va h.k. ham «do‘stlari uchun» konfliktlarga aralashib qolyapti ekan. Umuman aralashmanglar! Mushtlashuvni to‘xtata olsangiz, to‘xtating. Oldini ololsangiz, oling. Lekin hech kimning tarafini olib, mushtlashib yurmang. Birinchidan, bu – noqonuniy. Millatlaro to‘qnashuvni yoqlamang. Ikkinchidan, chet el fuqarosi bo‘lganingiz uchun, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra deportatsiya qilinasiz. Buni xohlamasangiz kerak», – deb yozgan huquqshunos Z. Omonullayeva.
Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi hududiy nizo sobiq sho‘ro davlatidan meros ekani sir emas. Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjondan mustaqillik e’lon qilgach, 1991-1994-yillarda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida shiddatli janglar kechdi. Rasmiy Boku amalda Armaniston nazoratida bo‘lgan tarixiy hududini qaytarish uchun salkam 30 yildan beri kurashib keladi. O‘tgan vaqt davomida tomonlar gohida sulhga erishsa, gohida qonli to‘qnashuvlar yana avj oladi. Joriy yil 12 iyul kuni davlatlararo qurolli to‘qnashuv yana boshlandi. Har ikki tomon bir-birini xalqaro me’yorlarni buzgan holda tajovuz qilishda aybladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter