Respublikada ilk bor tuman darajasida o‘tkazilayotgan tibbiy jarrohlik Qibrayda amalga oshirildi
Mamlakatimiz tibbiyoti rivojida yana bir dadil qadam tashlandi. Shu paytgacha faqat respublika va ayrim hollardagina viloyat darajasida amalga oshirib kelingan "Son-chanoq bo‘g‘imini endoprotezlash" jarrohlik amaliyoti ilk bor tuman miqyosida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
— Bu amaliyotning tumanlar bosqichida yo‘lga qo‘yilishi juda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega,— deydi Toshkent viloyatining Qibray tumani Bosh shifokori Akrom Ergashev. — Chunki ushbu amaliyotga ehtiyoji bor nogiron fuqarolar uchun poytaxtga yoki viloyatlar markaziga borib davolanish ancha mashaqqat talab qiladi. Shuni hisobga olgan holda tumanimiz hokimi Mira’zam Mirazadovichning sa’y-harakatlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va nogironligi bor fuqarolarga ajratilgan mablag‘lar evaziga ushbu amaliyotni tuman miqyosida yo‘lga qo‘yish ustida ish boshlagan edik. Bu borada tuman rahbariyati kerakli tibbiy uskunalar va amaliyot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar ta’minotini o‘z zimmalariga olgan bo‘lsa, biz shifoxonamizda zarur shart-sharoitlarni yaratish va mutaxassis jalb etish bilan shug‘ullandik. Nihoyat, janubiy koreyalik jarroh Kan Chun Jon rahbarligida va Respublika reabilitatsiya markazi ilmiy hamda Qibray tuman tibbiyot birlashmasi jarrohlari hamkorligida tumanimiz shifoxonasida shunday ilk amaliyot o‘tkazildi. Tumanimizning «Salor» mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi, 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro Anvar O‘razboyevga endoprotez qo‘yish jarrohligi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
O‘ylaymizki, bu tajriba Qibray tumani aholisi uchun tibbiy shart-sharoitni yanada yaxshilash borasida dadil qadam bo‘lishi barobarida bunday muhim amaliyotni mamlakatimizning boshqa chekka-chekka tumanlarida ham amalga oshirishga yo‘l ochadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter