Rahbarlik lavozimida qancha ayol bor? Senator va deputatlarchi?
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan «Jurnalist ayollarning milliy mediamuhitdagi o‘rni» mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi xizmatchilarning 45 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Ulardan 24 nafari senator, 48 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Parlament a’zolari orasida jurnalist ayollarning ham borligi bu kasb sohibalarining siyosat sohasidagi faolligidan dalolat beradi.
Mustaqillik yillarida 2 ming 180 nafardan ortiq xotin-qizlar yuksak davlat mukofotlariga sazovar bo‘lgan. Shu o‘rinda 30 nafar ayol «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoniga ega ekani, o‘nlab ayollarning «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, orden va medallari bilan taqdirlangani ham ularning xizmatlariga bo‘lgan e’tiborning dalilidir. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti va xalqaro tanlov g‘oliblarining 90 nafari, «Yilning eng faol jurnalisti» va «Eng ulug‘ va eng aziz» respublika tanlovlarining 160 nafari jurnalist ayollar ekanini ham qayd etish joiz.
Tadbir so‘ngida jurnalist ayollarga bahoriy guldasta va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Turg‘unboyeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter