Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston: Kengliklar qadar imkoniyatlar. Qardoshlarimiz turizm rivojida nimalar qilishmoqda? (video)

Joriy yilning 14 sentyabridan boshlab uch kun davomida qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston shahrida turkiyzabon davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida yirik anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda bepoyon Qozog‘istonning turizm salohiyati, yangi imkoniyatlari ajoyib tarzda taqdim etildi.

Ochiq aytaylik, Qozog‘iston deganda ko‘z o‘ngimizga nimalar keladi? Cho‘l, o‘tov, qimiz, biroz to‘pori hamda sodda odamlar. Ishoning, bu tasavvurlarning hammasi eskirgan. Qozog‘iston ayni damda jadal rivojlanayotgan, YaIM jihatdan Markaziy Osiyoning qolgan barcha davlatlarini jamlab bellasha oladigan, taraqqiyotning har bir jihatini o‘zida namoyon qilayotgan davlat.

Bugungi kunda mamlakatlar o‘z rivojining muhim jihati sifatida turizmni ko‘rmoqda. Bu yo‘nalish Qozog‘istonning ham nazaridan chetda qolmagan. Xo‘sh, bugun qardoshlarimiz sayyohlarga nimalar taklif qilishmoqda?

Tarixiy obidalar

Qozog‘istonda, jumladan, Turkistonda faqat Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi borligini bilish va faqat shu maskanni ziyorat qilishga intilish ham to‘g‘ri emas. Bu go‘zal zaminda Sahoba Ukkosha va Arqoyan ota ziyoratgohlari, Arslonbob ota maqbarasi, tarixiy O‘tror shahri xarobalari, Oqmachit g‘ori kabi diqqatga sazovor joylar borki, ularning har biri alohida borishga, vaqt ajratib o‘rganishga va boshqalarga tavsiya qilishga arziydi.

Go‘zal shahar

Besh yil oldin borgan odam Turkistonni taniy olmasligi aniq. Qardoshlar go‘yoki boshqatdan shahar qurib qo‘yaqolishgan. Oxirgi besh yil ichida hududga kiritilgan 3 mlrd dollar investitsiya Turkiston qiyofasini butkul o‘zgartirib yuborgan. Yangidan-yangi binolar, keng va ravon ko‘chalar, ko‘rkam bog‘lar, tematik parklar, hashamatli mehmonxonalar har qanday mehmonni maftun eta oladi.

Ayniqsa, Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi kompleksi atrofi butkul o‘zgarib ketgan. Ko‘kalamzorlashtirilgan hududda o‘tovlar tikilgan, hunarmandlar rastalari, umumiy ovqatlanish shohobchalari, kompleks bo‘ylab elektromobillar qatnovi tashkillashtirilgan.

Shahar markazi ham o‘ziga xos. Qozoq kengliklari shaharsozlikda ham his qilinadi, binolar maydonlari keng, o‘zlari ham juda hashamatli va deyarli hammasi yangi.

Yo‘llar

Chegaradan o‘tishingiz bilan og‘riqli mavzudagi farq ko‘zga tashlanadi – ravon yo‘llar. Qozog‘iston shuncha katta hududi bo‘lishiga qaramay yo‘llar sifatiga katta e’tibor qaratgan va havas qilarli natijalarga erishgan. Ayniqsa, yirik trassalarga Yevropa davlatlari ham havas qilsa arziydi. Biz chiqqan miniven nisbatan eski bo‘lishiga qaramay o‘rtacha 120-140 km/s tezlikda harakatlandi va bu umuman sezilmadi. Chegaradan Turkiston shahrigacha bo‘lgan 300 km.dan ortiq masofa mikroavtobusda uch soatga qolmay bosib o‘tildi.

Nafaqat xalqaro ahamiyatga ega yirik yo‘llar, balki ichki yo‘llar ham tekis. Tog‘lar orasida joylashgan va shahardan yuzlab kilometr naridagi Oq machit g‘origa borgunimizcha ham biror joyda chuqurliklarni ko‘rmadik va yo‘l azobini his qilmadik. Buning ustiga yoqilg‘i ham arzon ekan – “92” 5 ming so‘mga ham yetmaydi.

Bu jihatdan ancha oldinlab ketishibdi va ketishyapti.

Yegulik

Maqtanadigan yana bir jihatimizda ham yutqazishni boshlabmiz. Qozog‘istondagi taomgohlarda xizmat ko‘rsatish sifati ancha oshgan. Biz borgan barcha maskanlardagi xizmatchilar milliy liboslarda edilar. Delegatsiya va davlat tadbiri bo‘lgani uchun shundaydir, deyishingiz mumkin. Yo‘q, tadbirdan tashqari sayrlarda ham shuning guvohi bo‘ldik – milliylikka e’tibor yuqori darajada.

Alohida mavzu – taomlar. O‘zbek milliy taomlarini alohida brend sifatida taqdim etib, gastronomik turizmni rivojlantiramiz, deb yurgan bir paytimizda qardoshlar buni amalga oshirib bo‘lishibdi. Juda mazali, halol va milliylikka yo‘g‘rilgan taomlar shu qadar rang-barangki, har qanda sayyohni shodlantirmay qo‘ymaydi.

Qulayliklar

Mezbonimiz, biz uchun ataylab Ostonadan tashrif buyurgan O‘ljas Berkinboyevning aytishicha, bugungi kunda deyarli hech kim naqd pul ishlatmay qo‘ygan. Hamma “Kaspi” ilovasi orqali hisob kitob qiladi. Biz do‘konlarga kirganimizda naqd pul bersak, ko‘pchilik qaytim topa olmadi. Yanayam qiziqarlisi – ular dollar olishni tasavvur qila olishmas ekan. Uzatganimizda hatto hayratlanishdi ham. Ya’ni, qonun ishlab turibdi va hamma unga rioya qilyapti.

To‘lovlar to‘liq raqamlashtirilgan, har bir xizmat onlayn yo‘lga qo‘yilgan, inson omili maksimal kamaytirilgan. Bu jihatlardan ham qo‘shnilarimiz ilgarilab ketganini tan olmay ilojimiz yo‘q.

Tabiat va o‘zgacha musaffolik

Bu alohida maqolaga tortadigan mavzu. Ayniqsa, Toshkentdan borganlarga Turkiston go‘yoki tog‘li maskanday orom bag‘ishlaydi. Havo musaffo, kengliklardan, bemalol yurgan yilqilardan, suruv-suruv qo‘ylardan, erinib kavshanayotgan yuzlab tuyalardan beqiyos zavq tuyasiz.

Avtomobillarning 90 foizidan ortig‘i suyultirilgan gazga o‘tkazilgan va bu benzinli muhitga nisbatan ekologiyaga ancha kam zarar yetkazadi. Shaharning markazida ham tirbandliklar, shovqin yo‘q. To‘yib-to‘yib nafas olasiz, yengil shabadadan rohatlanasiz.

Qozog‘iston turizmi ulkan salohiyatga egaligi har jabhada seziladi. Mamlakat rahbariyati, xususan Turkiston viloyati hokimligi bu sohaga katta e’tibor qaratyapti. Lekin biz qardoshlarni bu borada raqobatchi deb emas, hamkor sifatida ko‘rishimiz zarur. Chunki bizga kelgan sayyoh ularga ham boradi va aksi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama turizmning o‘zi ham katta istiqbolga ega.

Abror ZOHIDOV,
Toshkent-Turkiston-Toshkent.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring