Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘pol qilib aytganda... Taniqli blogerlar Toshkent propiskasidagi «lazeyka» haqida

Qo‘pol qilib aytganda... Taniqli blogerlar Toshkent propiskasidagi «lazeyka» haqida

Foto: AOKA

10 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ommaviy axborot vositalari savollariga javob berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsiyevning fuqarolarning ko‘pchilik bo‘lib, birlamchi bozordan uy sotib olayotgani, shu tariqa Toshkent shahrida propiskaga ega bo‘layotgani haqidagi fikrlari jamoatchilik, jumladan faol blogerlarning jiddiy muhokamasiga sabab bo‘ldi.

«Sodda tilda tushuntiradigan bo‘lsak: viloyatlardan to‘rtta yoki uchta fuqaro o‘zaro kelishib, Toshkent shahrida bir xonali kvartira olib, shu to‘rt kishi o‘sha kvartiraga propiskadan o‘tishmoqchi. O‘tishdi ham, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsiyev. — Ko‘p bahsli holatlar aynan propiskadan o‘tish jarayonida yuzaga kelmoqda. Toshkent shahriga propiskaga o‘tvolish, qo‘pol qilib aytganda, «lazeyka» (tuynuk, bo‘shliq) bo‘pqoldi. Lekin, shunga qaramasdan, ko‘pchilik fuqarolar sudga murojaat qilishyapti. Sud qaror chiqargandan keyin bizning xodimlar fuqarolarni propiska qilyapti. Hozir sud yordamida ko‘p muammolar hal bo‘lyapti, sud orqali propiskaga o‘tishyapti. Bu masalani yuqori tashkilotlarga ma’lumot tariqasida kiritdik, bu borada bizga aniq yo‘nalish berishlarini iltimos qildik...»

Fuqaro o‘z huquqidan foydalanishi «qonunchilikdagi bo‘shliq» bo‘lib qoldimi?

Telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanali muallifi bu fikrga quyidagicha munosabat bildirdi:

Endi, o‘rtoqlar, insof ham kerak.

Fuqaro qonunchilikda belgilangan huquq va erkinliklaridan foydalanishi qachondan beri «lazeyka» bo‘lib qoldi? Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklaydigan propiska to‘g‘risidagi qonun aslida «lazeyka» emasmi? Agar noto‘g‘ri «lazeyka» bo‘lganida, sud fuqaroning yonini olib, qaror chiqarar edimi?

Bizning-cha, bundan keyin qaysiki sohaga oid hujjat loyihasi ishlab chiqilsa, o‘sha sohadagi vakolatli davlat organining ishtirokini taqiqlash kerak. Chunki bunday amaliyot hozircha faqat fuqarolarning zarariga ishlamoqda.

Odamlar ularning oldida emas, ular odamlarning oldida hisobdor...

Taniqli bloger va jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevning munosabati qo‘yidagicha:

...IIVdan kelganlar: «Puling bo‘lsa tonirovkada yur, bo‘lmasa — yurma», deydi (baraka topkur, tonirovka faqat oliftagarchilik uchun emas, quyoshdan saqlanish uchun ham kerak — kirakash jiyanlaringni terisi kuyib ketgan chap qo‘llarini ko‘rmaganmisan, deydigan odam yo‘q); «Ko‘pchilik bir bo‘lib, birlamchi bozordan bitta kvartira sotib olib, Toshkentdan doimiy propiskali bo‘lishi — bu qonunchilikdagi tuynuk, uni yopish bo‘yicha hujjat tayyorladik», deydi IIVdan kelgan boshqa bir vakil...

...IIV vakillari berayotgan ba’zan tuturiqsiz, ba’zan qo‘pol javoblar esa o‘sha 2016 yildan avvalgi, qo‘pol, dag‘al, taqiqlashni yaxshi ko‘radigan, ko‘p gap qaytarsang («shunaqa aqllimisan?»), qo‘l ko‘tarishdan ham toymaydigan militsionerlarni yodga solyapti. Ular, aftidan, o‘ziga teng odamlar bilan gaplashayotganini his qilmayapti. Odamlar ularning oldida emas, ular odamlarning oldida hisobdorligini tushunmayapti hali ham...

Diskriminatsion qoidalar

Bloger Nozim Safarining ham ushbu munozaraga qo‘shilgan:

...Qiziq jihati shundaki, viloyatliklar ko‘pchilik bo‘lib uy olib, propiskalik bo‘layotganini qonunchilikdagi xatolik deya baholab, uni o‘zgartirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgan IIV negadir propiska tizimidagi diskriminatsion qoidalarni «lazeyka» yoki xatolik deya atab, o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqmayapti? Ichki ishlar bilan bog‘liq qarorlar vazirlik ishtirokisiz qabul qilinmasligi aniq. Shuni inobatga olgan holda IIV propiska masalasi bo‘yicha yukni ko‘proq Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirib, savollardan noziklik va mahorat bilan qochishga urinayotgandek taassurot uyg‘ondi.

...Propiska bo‘yicha masala hanuz ochiq. Hanuz Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar va viloyatliklar o‘rtasida huquq va erkinliklar bo‘yicha farq bor. Hanuz O‘zbekistonda viloyatliklar ikkilamchi bozordan uy sotib ola bilmaydi. Faqat birlamchi bozordan. Shunda ham 5 foiz davlat bojini to‘lagan holda. Xuddi shu uylarni propiskasi bor shaxs sotib olsa, unda davlat boji bor yo‘g‘i 200 ming so‘m. IIVdan ushbu qoidalarga ham qonunchilikdagi katta «lazeyka» sifatida qarashlarini so‘ragan bo‘lardim.

Tadbir so‘nggida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ruslan Karimovdan Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tmasdan faqatgina 5 kun yurish mumkinligi, aksincha, esa jarimaga tortilishi xaqidagi qaror bo‘yicha munosabatini so‘raganimda «yaqinda bu qaror 10 kungacha deb o‘zgartiriladi» – degan javob oldim. 10 kun. Ohho. Do‘ppingni osmonga otsang arziydi. Ruslan akaga bu naqadar bag‘rikenglik ekanini, chuqur minnatdorchiligimni, oilamiz nomidan unga rahmat aytishimizni bildirib tadbirni tark etdim.

Qo‘pol qilib aytganda...

Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev boshqarma boshlig‘ining «qo‘pol qilib aytganda» deya ta’riflagan jumlasidan so‘rovnoma tuzdi:

Izohga hojat yo‘q...


Postskriptum o‘rnida:

Huquqiy nigilizm

Telegramdagi «Davletovuz» kanali mazkur yig‘ilishda tilga olingan boshqa faktlarga e’tibor qaratdi:

...Toshkent shahar IIBB mas’uli Yo‘ldoshev Qudratning mazkur masalada qo‘shimcha izoh berishicha, shahar miqyosida pasport-viza qoidalarini buzgan jami 586 ming 351 shaxs aniqlangan. Ularning 120 mingi aynan turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmay yashayotganlardir.

Bundan qanday xulosa chiqadi? 203 ming kishidan faqat qariyb 84 ming ro‘yxatdan o‘tayotgan bo‘lsa, bu endi fuqarolarning aybi emas. Bu huquqiy nigilizm holatidir. Qog‘ozga tushgan fuqarolarning qariyb 60 foizi bo‘ysunmayotgan bu qoida noto‘g‘ri qoida ekanligining isbotidir. Hali bu qog‘ozga tushgani. Davlat bu tizimdan nima xohlashini aniqlashtirib, mazkur qoidani qayta ko‘rib chiqishi kerak, bizning fikrimiz-cha...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring