«Qamchiq»da nima gaplar?
Qariyb bir haftadirki, butun O‘zbekiston — poytaxt Toshkentdan tortib olis qishloqlargacha, anomal sovuq harorat va uning oqibatlariga qarshi kurashmoqda. Bunday pallalarda oddiy kunlarda ham «favqulodda holat» xos bo‘lgan tog‘li hududlar, xususan, dovonlarda vaziyat karrasiga murakkablashishi tayin. Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Qamchiq» dovonidagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.
Xabarga ko‘ra, «Qamchiq» dovoni hududida sovuq ob-havo sharoitida 15 ta mexanizatsiyalashgan nazorat-kuzatuv guruhlarida «Qamchiq» MQYoQ boshqarmasi, YPX «Qamchiq» dovoni otryadi, Avtoyo‘l, Sog‘liqni saqlash xodimlari tunu-kun xizmat olib bormoqda.
Dovon hududidagi 15 ta umumiy ovqatlanish maskanida jami 1 300 nafar yo‘lovchini issiq ovqat bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan. FVV tomonidan dovondagi 4 ta xavfli hududda haydovchi va yo‘lovchilarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni isinish punktlariga joylashtirish maqsadida 16 ta chodir (palatka)dan iborat 300 kishilik isinish joylari tashkil etilgan, 9–17-yanvar kunlari jami 411 nafar yo‘lovchi va 167 ta texnikaga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Angren–Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining «Ohangaron», «Angren», «Orzu», «Temiryo‘lobod», «Pop-2» stansiyalarida noqulay ob-havo sababli avtomobil yo‘lida transport vositalarining cheklanishi bilan bog‘liq holatlarda odamlarni o‘z manzillariga yetkazish bo‘yicha shtab tashkil etilib, evakuatsiya poyezdi yo‘lga qo‘yilgan.
«Qamchiq» dovoni hududida FVDT xizmatlari va kuch-tuzilmalaridan jami 896 nafar xodim va 223 ta texnika shay holatda xizmat olib bormoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter