Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Qachon muvaffaqiyatga erishamiz?

Qachon muvaffaqiyatga erishamiz?

Foto: «GoodHabit.ru»

Muvaffaqiyat va omad istagida jahon kezib yurgan yigit maqsadi sari eltadigan zarur maslahatni olish uchun uzoq yo‘l bosib, olis mamlakatdagi nom qozongan keksa donishmand oldiga kelibdi.

Ko‘l yoqasida baliq ovlayotgan donishmand muvaffaqiyat talabgorining muddaosini tinglagach, unga suvga tushishni buyuribdi. Jahongashta hayratini yashira olmay, bir muddat donishmandga taajjubli nigohda tikilib qolibdi.

— Suvga tush, — takrorlabdi dono odam.

Jahongashta noiloj oyog‘ining uchini ko‘lga sekin botirib, tizzasigacha suvga tushibdi. Chol unga yurishda davom etishni buyuribdi.

«Tavba, men bu choldan qanday qilib muvaffaqiyat qozonishim mumkinligini so‘rash uchun shuncha yo‘l bosib kelsamu, u bo‘lsa meni masxara qilsa», degan o‘y o‘tibdi yigitning xayolidan.

Donishmand esa unga yurishda davom etaverishni buyuraverdi. Jahongashta yelkasigacha suvga kirdi.

— Balki bo‘ldi qilarman?

Chol qo‘li bilan ko‘lning o‘rtarog‘iga ishora qilibdi. Suv avvaliga dahanga, keyin esa ko‘z va peshonaga qadar ko‘tarildi. O‘n-o‘n besh soniyadan so‘ng ko‘lga g‘arq bo‘layozgan jahongashta donishmandning ortga qaytishi mumkinligi haqidagi buyrug‘ini eshitganday bo‘libdi.

— Endi senga savolim bor, — debdi donishmand. — Menga ayt-chi, suv ostiga cho‘kayotganingda jon-jahding bilan xohlagan, idrokingdagi yagona istak nima edi?

— To‘yib-to‘yib nafas olgim keldi, — deb javob beribdi hansirayotgan yigit o‘ylab ham o‘tirmasdan.

— Barakalla! Qachonki jismingda hamda idrokingda muvaffaqiyat qozonishga bo‘lgan ana shunday kuchli istak uyg‘onsa, sen o‘shanda, albatta, muvaffaqiyatga erishasan, — debdi donishmand.

Aksariyatimiz uyquni xohlaganimizchalik muvaffaqiyatni ham shunchalik istamaymiz. Bu dunyoda o‘zgarish — eng qiyin ish. Sababi shuki, hozirgi huzur-halovatning o‘zi bilan cheklanib qo‘ya qolamiz. Qo‘rqoq tuyg‘ular bizni cho‘chitib turadi. Miriqib dam olishga bo‘lgan xohishimiz ko‘pincha muvaffaqiyat qozonish ishtiyoqidan ustun keladi. Aslida barchaga teng imkoniyat hamda vaqt berilgan. Faqat kimlardir bir oz ko‘proq ishlaydi, xolos.

Erishadiganing uchun har daqiqa o‘zingdagidan voz kechishga tayyor turish, bu — hayotning g‘alaba qozonish uchun muhim qoidasi. Bu «qurbonlik» sening huzur-halovating, to‘yib-to‘yib dam olishing, kunlab hordiq chiqarishing, vaqtichog‘liging, televizor qarshisida soatlab filmlar ko‘rishing bo‘lishi mumkin.

Xitoylik donishmand Lao Szi aytgani kabi, huzur bilan taomlanmoq istasang, ochlikni his qil. Hamma narsaga erishmoqdan avval hamma narsangizdan voz kechish lozimligini unutmang.

«Biz g‘alaba qozonamiz» kitobidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring