Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident huzurida investitsiya bo‘yicha taqdimot: asosiy ma’lumotlar

Prezident huzurida investitsiya bo‘yicha taqdimot:  asosiy ma’lumotlar

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berildi.

Rossiya, Xitoy, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari va investitsiya dasturlariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, 22-24-aprel kunlari Toshkent shahrida “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasi bilan muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka yorqin misoldir.

2023-yil yakunida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 10 milliard dollarga yetdi.

Ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga qadar ikki barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan. O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda 700 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi. O‘tgan yili Rossiyaning 3 milliard dollarga yaqin investitsiyalari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 5 milliard dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman, “Innoprom” doirasida 4 milliard dollarlik bitimlar to‘plami imzolandi.

2-3-may kuni esa dunyoning 93 ta mamlakatidan 2,5 ming mehmon ishtirokida Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida o‘tgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik investitsiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.

Ular orasida qurilish, “yashil” energetika, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati va sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik loyihalar bor.

Forum natijalari bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan imzolangan investitsiya va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”si ishlab chiqildi. Unda barcha bosqichlar, muddatlar va mas’ullar aniq belgilandi. Shuningdek, forumda hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni joriy qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”si ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbari hisobotni tinglab, “yo‘l xarita”larining barcha bandlari o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tizimli hal etib borishni topshirdi.

Mutasaddilarga to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida istiqbolli loyihalar to‘plamini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring