Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident iftorlik tadbirlarida qatnashdi

Prezident iftorlik tadbirlarida qatnashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev iftorlik tadbirlarida qatnashdi. Quyida prezident nutqidan ayrim iqtiboslarni keltiramiz

"Xabaringiz bor, ulug‘ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Samarqandda barpo qilinayotgan muazzam majmuasi qurilishi ham jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda.

Nasib etsa, bu yil ana shu ikki muhtasham obidani – Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimini barchamiz birgalikda tantanali ravishda o‘tkazamiz.

Xalqimizning islom dini va falsafasiga qo‘shgan bebaho hissasini yanada teran o‘rganish maqsadida yaqinda yana bir muhim qaror qabul qildik.

Bu yil mutafakkir ajdodimiz, kalom ilmining buyuk peshvolaridan biri bo‘lmish Imom Moturidiy hazratlari tavalludining 1155 yilligini keng nishonlaymiz. Jumladan, ul zotning Samarqanddagi muborak qadamjolari yanada obod qilinadi", dedi prezident. 

"Ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va birdamlikni kuchaytirish vazifasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning sentyabr oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazamiz. 

“Deklaratsiyalar muloqoti forumi” deb nomlangan bu yirik tadbir 2022 yili Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan anjumanning mantiqiy davomi bo‘lib, turli diniy e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘ziga xos ma’rifiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi",deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida ko‘makka muhtoj insonlarga 16 trillion so‘mlik moddiy yordam va nafaqalar berildi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bog‘chaga joylashtirildi, ularning 176 ming nafar a’zosiga tibbiy ko‘mak ko‘rsatildi, 182 ming nafari esa ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 94 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq 130 milliard so‘mlik xarajatlar qoplab berildi.

"Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar opa-singillarga 5 trillion 700 milliard so‘mlik yordam ajratildi.

“Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmand yoshlarga 1 trillion 700 milliard so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

"Afsuski, aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan islom dunyosida sodir bo‘layotgani barchamizni chuqur tashvishga solmoqda.

Notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib, butun-butun mintaqalarga yoyilib ketish xavfi tobora ortib bormoqda.

Musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

E’tiborimiz markazida turishi kerak bo‘lgan yana bir masala – bu yoshlarimizning qalbi va ongini zaharlashga, hayotini izdan chiqarishga qaratilgan ko‘plab tahdidlar bilan bog‘liq" deydi prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring