Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident huzurida muhim mavzuda taqdimot o‘tkazildi

Prezident huzurida muhim mavzuda taqdimot o‘tkazildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 aprel kuni tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarga muvofiq, Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilgan edi. Hozirgi kunda bu sohada dolzarb vazifalar juda ko‘p.

Tabiiy muhitni asrab-avaylagan holda, qo‘riqxona va pitomniklarda ekoturizmni, ov xo‘jaliklarida ovchilik turizmini rivojlantirish mumkin. Shu bois tabiat maskanlariga sayyohlarni jalb qilish, yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish uchun pitomniklar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Prezident suv, havo, yer va yerosti boyliklarini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, 500 ziyod korxonada suv tozalash inshooti standartga javob bermaydi, ba’zilarida umuman yo‘q. Kompensatsiya miqdori kamligi sababli, bunday texnologiya o‘rnatishdan ko‘ra, kompensatsiya to‘lash foydali bo‘lib qolgan. Shu bois me’yordan ortiqcha oqova uchun kompensatsiya to‘lovini oshirish taklifi bildirildi. Davlatimiz rahbari ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Jumladan, yurtimizda yiliga 7 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘layapti. Shundan faqat 2 million tonnadan ziyodi qayta ishlanadi. Qolgan chiqindilardan paydo bo‘layotgan issiqxona gazi va sizot suvlar tabiatga zarar yetkazayapti.

Ohangarondagi eski poligonda chiqindidan 15 Megavatt elektr energiyasi olish loyihasi boshlangan. Davlatimiz rahbari bu tajribani kengaytirib, boshqa poligonlarda ham chiqindini qayta ishlash va muqobil energiya olishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

O‘rmon xo‘jaligida daraxt bilan qoplangan hududlar atigi 8 foiz ekani, albatta, yetarli emas. Ko‘chatchilikni rivojlantirib, cho‘llarda 221 ming gektar, tog‘ hududida 15 ming gektar o‘rmonlar barpo qilishga imkoniyat borligi qayd etildi.

Bunda, o‘rmonchilik sohasini rivojlantirish hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda tubdan yangi tizimni joriy etishga ko‘rsatma berildi. Jumladan, bog‘ va o‘rmonlarni barpo etish markaziy moliyalashtiriladigan manzilli dastur asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.

Gidrometeorologiya yo‘nalishida avtomatlashgan meteorologik stansiyalarni ko‘paytirish, gidrologik o‘lchov uskunalarini avtomatlashtirish, agrometeorologik xizmat bo‘yicha mobil ilovani ishga tushirish choralari belgilandi.

Bundan tashqari, har bir tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi. Shunga asosan, hududlarning havo tozaligi reytingi shakllantirilib, mansabdor shaxslar ishiga baho berib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring