Payariqdagi MFY binosi avariya holatida: mutasaddilar e’tiborsiz
Siz ko‘rib turgan suratlardagi manzara — Samarqand viloyati Payariq tumanidagi «Oqqo‘rg‘on» va «Sarisuv» mahalla fuqarolar yig‘inlari joylashgan binoning tashqi ko‘rinishi.
O‘tgan asrning 50-yillarida bunyod etilgan mazkur inshoot sobiq tuzum davrida «Oqqo‘rg‘on» jamoa xo‘jaligi boshqaruvining ma’muriy binosi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda esa uning devorlari nurab, to‘kila boshlagan.
Eshiklari bazo‘r ochilib-yopiladigan yo‘lak bo‘ylab sekin ichkariladik. O‘zini mahalla posboniman, deya tanishtirgan yigit bizni xonalardan biriga olib kirdi. Eski mebellar qo‘yilgan xonada «Oqqo‘rg‘on» va «Sarisuv» mahallalari fuqarolar yig‘inlarining raislari va yana bir yigit palto, kurtka kabi qalin kiyimlarda qo‘nishibgina o‘tirishibdi.
— Ikki yildan buyon shu eski binodamiz, — deydi «Oqqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mamarasul Omonov. — Havoning iliq kunlari-ku bir amallaymiz, ammo qish mavsumida ishlash juda qiyin. Xonalar sovuq. Isitish tizimi mutlaqo ishlamaydi. Binoni ta’mirlashning foydasi yo‘q. Chunki u nam tortib, yana nurab tushaveradi.
Raisning aytishicha, mazkur masala bo‘yicha bir necha bor tuman hokimligiga murojaat qilingan, mutasaddilar har yili yangi bino qurib berishni va’da qilishadi, ammo va’da va’daligicha qolaveradi.
Har ikkala mahalla hududida jami 21 ta kam ta’minlangan oila mavjud. Garchi devorlari to‘kilay deb tursa-da, mazkur binoning yarmiga «Oqqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli kam ta’minlangan oilalardan biri vaqtincha joylashgan. Tashlandiq joyni eslatuvchi hovliga yaqin orada inson zotining oyog‘i yetmagan ko‘rinadi.
Darvoqe, yana bir gap. Binoga kiraverishdagi uzunligi bor-yo‘g‘i 30-40 qadam keladigan yo‘l ko‘lmak va balchiqdan iborat. Shu bois odamlar yo‘lning chetidan yurishga majbur. Binoni ta’mirlash, uni qayta qurishga kattagina mablag‘, alohida dastur talab qilinar, ammo ko‘chaga-chi? Nahotki kichik yo‘lakchani ta’mirlashga ham katta mablag‘ talab qilinsa? Bu yumushni homiylar ko‘magida amalga oshirishsa bo‘lmaydimi? Ikki mashina shag‘al to‘kilib tekislansa olam guliston. Buning uchun mahalliy rahbarlardan ozgina qunt, e’tibor, tashkilotchilik kerak xolos!
Xullas, Payariq tumanidagi «Oqqo‘rg‘on» qishlog‘ida ko‘rgan-kechirganlarimizni siz ko‘rib turgan suratlarga muhrladik. Ularga izoh berishni esa mutasaddilar hukmiga havola etamiz.
Yormamat Rustamov
«Mahalla» gazetasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter