Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya vaqtida volontyorlik: xorij va O‘zbekistondagi vaziyat

Pandemiya vaqtida volontyorlik: xorij va O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlash maqsadida ayni paytda insonparvarlik va xayriya jamg‘armalari ko‘mak berishni davom ettirmoqda.

Mazkur infeksiya mamlakatimizga kirib kelgandan so‘ng ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qismi, ayniqsa kambag‘al oilalarga alohida e’tibor qaratish zaruriyati sezilmoqda.  

Xo‘sh, yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari say’-harakatlari yetarlimi?

Albatta, hozirgi murakkab vaziyatda ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarga manzilli yordam berish har qachongidan muhim ko‘rinmoqda. Ayniqsa, eng yuqori xavf ostidagi  yoshi kattalar hamda surunkali kasallikka chalinganlarga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy niqoblar va boshqa gigiyentik vositalarni yetkazib turish zarur hisoblanadi.  Shu bilan birga, bosma nashrlarga obuna bo‘lish, internetdan foydalanishga imkoniyati va ko‘nikmasi bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda, o‘zgalarning daldasi, uning ko‘magi, tavsiyalariga muhtoj bo‘lgan oilalar ko‘pligi hech kimga sir emas.

Shu sababli og‘ir sinovli kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi volontyorlar, ya’ni ko‘ngillilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq. 

O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunida Volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o‘zini o‘zi tashkil etishni, ijtimoiy mas’uliyat, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xorijda volontyorlar harakati pandemiyaga qanday qarshi kurash olib bormoqda?

Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotgani bois, ko‘ngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagiga aylanib bormoqda.

Volontyorlar butun dunyoda davom etayotgan bugungi inqiroz davrida qiyin vaziyatda qolgan insonlarga yordam berib kelmoqda. Epidemiologik vaziyat beqaror bo‘lgan Italiyada ko‘plab yosh volontyorlar harakatlari vujudga keldi. Ular tomonidan call-markazlar tashkil etilgan bo‘lib, muhtoj insonlarga oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Italiyada mazkur tashabbuslar mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan, eng avvalo ma’muriy tomondan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Karantin davrida volontyorlarga tashqarida bo‘lish va avtotransportdan foydalanishga ruxsat berilgan. Ayrim volontyorlik harakatlari internet saytlarini yaratib, yordamga muhtojlarni aniqlamoqda.

Buyuk Britaniyada ham  volontyorlar yordam kutayotgan insonlar uylariga zarur mahsulotlarni olib borish bilan cheklanmasdan ularni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlashmoqda. Volontyor-psixologlar faoliyati asosan eng yuqori xavf ostida ko‘chaga chiqolmayotgan yolg‘iz pensionerlarga yo‘naltirilmoqda. Ularning ko‘pchiligi vaksina paydo bo‘lguniga qadar yaqinlar bilan ko‘rishish mumkin emasligidan aziyat chekmoqda. Oksford universiteti psixoterapevtlari yoshi katta insonlarga vahimaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘mak berishmoqda. Volontyorlar Skype, FaceTime va telefon orqali 10 minutlik bepul seanslarni amalga oshirmoqda. “Qari insonlar koronavirus infeksiyasini yuqtirib olsam, o‘lib qolishim tayin, deb o‘ylashmoqda. Lekin bunday emas. Biz ularni psixologik va amaliy qo‘llab-quvvatlab turishni xohlaymiz” – deydi Buyuk Britaniya psixoterapevtlari guruhi asoschisi Rut Cheloner. 

Xitoyda koronavirus infeksiyasi bilan kurash bo‘yicha volontyorlar faoliyatini numuna sifatida ko‘rsatish mumkin. Mamlakat bo‘ylab  mazkur kasallik bilan bog‘liq stress hil qilayotgan shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha oz emas, ko‘p emas 360 ta koll-markazlar tashkil etilgan. Shuningdek, xitoylik volontyorlar yordamga muhtoj shaxslarning eshigining tagida oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini tashlab ketish bilan bir qatorda, Uxan shahri tashqi olam bilan uzilib qolganidan so‘ng xonadon egalari o‘rniga uy hayvonlarini oziqlantirish bilan ham shug‘ullanishdi.

Yurtimizda ham ko‘ngillilar faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. “Facebook”, “Telegram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda guruh a’zolari xayriya tadbirlari, aksiyalari hamda yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro ma’lumotlar almashmoqda va beg‘araz yordam tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlarining pandemiyaga qarshi kurashda faolligi talab etiladi. Bundan tashqari, ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘ngillilardan unumli foydalanadi. 

Shuningdek, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi va ushbu kasallikka chalinganlarni davolash ishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida qator saxovatpesha fuqarolar, tadbirkorlar, davlat va nodavlat tashkilotlari «Mehr-shafqat va salomatlik» fondi hisob raqamiga pul mablag‘larini o‘tkazib berishmoqda.

Barchaga ma’lumki,  2020-yil 30-mart kuni soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar Toshkent shahrida avtotransport vositalarini harakati maxsus ruxsatnomalar bilan amalga oshirilishi munosabati bilan saxovatpesha insonlar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamlar masalasida qiyinchiliklar vujudga kelishi mumkin.

Shu sababli, ko‘ngillilarning xayrli ishlari o‘z vaqtida manzilli amalga oshishiga ko‘maklashish maqsadida Toshkent shahar hokimligida muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etildi. Markaz qo‘yidagi tartibda ish faolitini amalga oshiradi:

  • davlat va jamoat tashkilotlari, deputatlar, tadbirkorlar, yordam ko‘rsatishni istagan faol fuqarolar Markazga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat etadi;
  • markazdan murojaat bo‘yicha ma’lumot tuman hokimi o‘rinbosarlariga yetkaziladi;
  • tuman hokimi o‘rinbosarlari yordam ko‘rsatish istagini bildirganlar bilan hamkorlikda manzilli yordamni tashkil etadi.

Bekzod Narimonov,
TDYuU o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring