Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik harbiylar Hindistondagi o‘quv markazga yetib borishdi

O‘zbekistonlik harbiylar Hindistondagi o‘quv markazga yetib borishdi

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar joriy yilning 8-mart kuni hind-o‘zbek harbiy bo‘linmalari ishtirokida o‘tkaziladigan «Do‘stlik-II» o‘quvlarida ishtirok etish uchun Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» o‘quv markaziga yetib borishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan leytenant Orifjon MAMAJONOV xabar berdi.

10-mart kuni ushbu o‘quv markazining madaniyat saroyida hamkorlikdagi o‘quvning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida ikki mamlakatning davlat bayroqlari olib kirildi va davlat madhiyalari ijro etildi. Tantanali tadbirni Hindiston Respublikasi piyoda qo‘shinlari korpusi qo‘mondoni general S.K Sharma kirish so‘zi bilan ochib berdi. General Sharma o‘z so‘zida 2019-yil O‘zbekistonda o‘zbek-hind hamkorligida o‘tkazilgan «Do‘stlik-2019» taktik o‘quv mashg‘ulotlari mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilganini, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashish va jangovar o‘quv operatsiyalarda ishtirok etish orqali ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash mazkur o‘quv mashg‘ulotining asosiy maqsadi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan polkovnik Azizbek Kamilov O‘zbekiston va Hindiston davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi haqida so‘z yuritib, hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur o‘quvlar kelajakda harbiy hamkorlik masalalarini yangi bosqichga olib chiqishini bildirdi.

O‘quvning dastlabki ko‘rgazmali mashg‘ulotini Hindiston armiyasi kapitani Shishir Shukla o‘z mamlakati haqidagi ma’lumot bilan boshlab bergan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ofitseri polkovnik Dilmurod Yuldashev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar haqidagi chiqishi bilan davom ettirdi. Mashg‘ulot yakunida ikki davlat harbiy xizmatchilari esdalik uchun suratga tushdilar.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 4 – 13-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining «Chirchiq» poligonida O‘zbekiston va Hindiston umumqo‘shin bo‘linmalarining hamkorlikdagi «Do‘stlik – 2019» taktik o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring