O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilayotgan noyob jonivorlar nobud bo‘ldi
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida «Kuala Lumpur – Toshkent» yo‘nalishida parvozini yakunlagan fuqaro Y.N. bojxona nazoratidan o‘tayotganda bojxona deklaratsiyasida o‘zi bilan 4 turdagi 20 dona yovvoyi qushlar hamda 10 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugini olib kelayotganini qayd etadi.
O‘zAning Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatiga tayanib bergan xabariga ko‘ra, ushbu shaxs noyob turdagi hayvonlarni olib kirishda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun normalariga rioya qilmagan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, olib kelingan 2 turdagi 4 dona to‘ti hamda 10 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugi bolalari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi hayvonlar turkumiga kiradi. Shu sabab, bu turdagi hayvonlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda xalqaro «SITES» ruxsatnomasi bo‘lishi lozim edi.
Bunday ruxsatnomasi bo‘lmagan Y.N.ning harakati g‘ayriqonuniy, deb topildi. O‘zbekiston Respublikasiga g‘ayriqonuniy ravishda olib kirishga urinish chog‘ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar esa belgilangan tartibda olib qo‘yilgan va Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan. Ammo, hayvonlarni o‘rnatilgan tartibdagi tashish qoidalariga rioya etilmagani sabab yovvoyi qushlarning 2 donasi nobud bo‘lgan.
Xalqaro normalarga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni tashish uchun mo‘ljallangan konteynerlar muayyan talablarga javob berishi, har bir qafasga jonivorlar 1 donadan joylashtirilishi, ularda yem va suvdon, ventilyasiya teshiklari bo‘lishi zarur.
Tashish qoidalariga to‘liq rioya etilmagani boshqa jonivorlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Toshkent hayvonot bog‘i xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramay, keyinchalik 7 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugi bolalalari va 2 turdagi 8 dona yovvoyi qushlar ham yashab qololmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter