O‘zbekistonga kirishga qo‘yilgan cheklovlar 1 martga qadar uzaytirildi
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, xususan boshqa mamlakatlardan virusning yangi shtammlarini kirib kelishini oldini olish maqsadida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali mamlakatimizga kirish)ni to‘xtatish kabi choralar ko‘rilgan edi.
Hozirda yuzaga kelgan holatlar tahlili hamda yuqorida qayd etilgan mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, 2021 yilning 1 fevraliga qadar kiritilgan cheklov muddati Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 1 martiga qadar uzaytirildi.
Qarorga muvofiq:
- Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan shaxslar yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasiga kiritilmasligi;
- so‘nggi 14 kun davomida ushbu davlatlarda bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi tartibi davom etiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter